O'zbekiston

Prezident Ichki ishlar organlari xodimlari tabrik yo‘lladi

“Ichki ishlar organlari xodimlarining mehnatini munosib qadrlash, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy ish sharoitlari, zarur texnik vositalar bilan ta’minlash, malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalalari doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi”, deyiladi tabrikda.

Prezident Ichki ishlar organlari xodimlari tabrik yo‘lladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga bayram tabrigi yo‘lladi. Tabrik matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilindi.

 

“Siz, azizlarni 25 oktyabr – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

 

Ushbu qutlug‘ ayyomda, avvalo, Vatan oldidagi muqaddas qasamyodingizga doimo sodiq qolib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida o‘z zimmangizdagi g‘oyat muhim vazifalarni yuksak masʼuliyat bilan ado etib kelayotganingizni alohida taʼkidlashni istardim.

 

So‘nggi yillarda ichki ishlar organlarini chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz natijasida mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik muhitini ishonchli taʼminlash bo‘yicha mustahkam zamin yaratildi.

 

2025 yilda “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” barcha darajadagi rahbarlar uchun eng ustuvor vazifa etib belgilandi. Shu maqsadda jinoyatlar sodir etilishi nuqtayi nazaridan vaziyati og‘ir bo‘lgan mahallalarga ichki ishlar organlari bilan birgalikda 

 

barcha mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hamda huquq-tartibot tizimidagi oliygohlar biriktirilib, ularning joylardagi kundalik manzilli faoliyati va xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan “yagona faoliyat zanjiri” yaratildi.

 

Ushbu toifadagi mahallalar kichik hududlarga birlashtirilib, ularda “tezkor yordam” funksiyasini bajaradigan huquq-tartibot maskanlari tashkil etildi, migrantlar va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha alohida tashkiliy-profilaktik mexanizmlar shakllantirildi. Profilaktika, tezkor-qidiruv, patrul-post, yo‘l-patrul va qo‘riqlash xizmati inspektorlarining birgalikdagi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular “mahalla yettiligi” va aholi bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda. 

 

Mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, ijtimoiy dasturlar hamda huquqiy-tartibotni mustahkamlash borasidagi tadbirlar natijasida yil davomida jami mahallalarning yarmidan ko‘pida jinoyat sodir etilmadi, yoshlar, ayollar va ishsizlar o‘rtasida jinoyatchilikning keskin kamayishiga erishildi.

 

O‘z navbatida, sohada zamon talablariga mos ravishda samaradorlikka erishishga qaratilgan yangicha ishlash amaliyoti qaror topmoqda. Xususan, ichki ishlar organlarining raqamli infratuzilmasida transformatsiya jarayonlari boshlandi, jamoat xavfsizligini taʼminlash amaliyotiga sunʼiy intellekt imkoniyatlari keng tatbiq etilmoqda.

 

Qisqa muddatda vazirlik va idoralarning qirqqa yaqin maʼlumotlar bazasi bilan integratsiyalashgan “Xavfsiz shahar” yagona platformasi yaratildi, 20 dan ortiq yangi axborot tizimlari ishga tushirildi, “Yagona migrant” axborot bazasi yordamida uzoq vaqt xorijda yurgan shaxslar bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

 

Dunyo miqyosida tobora kuchayib borayotgan kiberjinoyatlarning tahdid va taʼsiridan mamlakatimizni ishonchli himoya qilish, ayniqsa, aholimizning ulardan jabrlanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kompleks mexanizmlar joriy etilmoqda. Tabiiyki, bu sohada zamonaviy professional kadrlarga bo‘lgan talabni oshirmoqda.

 

Shu jihatdan 2025-2026-o‘quv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida dual taʼlim jarayoni va innovatsion pedagogik texnologiyalar asosida “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yo‘nalishida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilgani muhim qadam bo‘ldi.

 

Hurmatli soha xodimlari!

 

Jinoyatlarning barvaqt oldini olish, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish orqali xalqimiz hayotini yanada osoyishta va fayzli qilishga qaratilgan harakatlarimizni biz bundan buyon ham ustuvor darajada izchillik bilan davom ettiramiz. Bunda “mahalla yettiligi” imkoniyatlaridan samarali foydalanish, oila, ta’lim muassasasi, mahalla faollari va davlat idoralari o‘rtasida uzviy hamkorlikni ta’minlashga alohida e’tibor berish lozim.

 

Biz zamon talablarini hisobga olib, ichki ishlar organlarida jinoyatchilikka qarshi kurashish jarayonini raqamli texnologiyalar imkoniyatlarini keng joriy etgan holda tashkil etish, kiberfiribgarlik va kibero‘g‘irliklarga chek qo‘yish bo‘yicha ishlarni yangicha yondashuvlar asosida yanada faollashtiramiz.

 

Butun jahonda giyohvandlik balosi asosan voyaga yetmaganlar va yoshlarni o‘z domiga tortayotgani hammamizni ogohlikka undashi zarur. Ushbu illatdan milliy genofondimizni asrash maqsadida uyushgan narkojinoyatchilikka butunlay chek qo‘yish borasidagi harakatlarimizni yangi bosqichga olib chiqishimiz, tezkor-profilaktik va tergov faoliyatini manzilli tashkil etishimiz kerak.

 

Ishonchim komil, ana shu ustuvor yo‘nalishlarda safarbarlikni kuchaytirib, birgalikda harakat qilib, ishimiz samarasini keskin oshirsak, xalqimizning chinakam roziligiga erishamiz.

 

Aziz do‘stlar!

 

Fursatdan foydalanib, siz, azizlarga Vatanimiz va xalqimiz tinchligi yo‘lidagi sadoqatli va fidokorona xizmatingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

 

Ushbu shonli ayyomda el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan mard va jasur soha xodimlarining xotirasini hurmat bilan yodga olib, ularning oilalari va farzandlariga ezgu tilaklarimizni yo‘llaymiz.

 

Hech shubhasiz, ichki ishlar organlari xodimlarining mehnatini munosib qadrlash, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy ish sharoitlari, zarur texnik vositalar bilan ta’minlash, malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash masalalari doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi.

 

Sizlarni bugungi shukuhli bayram bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik, mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman”, deyiladi tabrik matnida.

 

 

custom img

Yaqin Sharqdan 25 mingdan ortiq o‘zbekistonlik vataniga qaytarildi

Qaytarilganlarning asosiy qismi Saudiya Arabistoni va BAAdan olib kelingan.

custom img

Orol dengizining qurigan tubida cho‘l o‘simliklari ekish ishlari boshlandi

Ushbu tadbirlarni sifatli amalga oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan jami 730 ta texnika va mexanizmlar, 2 ta AN-2 samolyoti, 622 nafar o‘rmon xo‘jaligi ishchilari va mexanizatorlar jalb etilgan.

custom img

Orolning qurigan tubida cho‘l o‘simliklari ekish tadbirlari boshlandi

Ushbu tadbirlarni sifatli amalga oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan jami 730 ta texnika va mexanizmlar, 2 ta AN-2 samolyoti, 622 nafar o‘rmon xo‘jaligi ishchilari va mexanizatorlar jalb etilgan.

custom img

2026-yilda Qashqadaryoda kambag‘allik darajasi 3 foizga tushiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida islohotlar natijadorligi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish o‘tkazdi.

custom img

“Inspektorning boshiga yog‘och bo‘lagi bilan urgan”

Bosh prokuratura Farg‘onada suv ta’minoti xodimi kaltaklanishiga munosabat bildirdi.

custom img

Toshkentda “Gruziya madaniyati kunlari”: ikki davlat madaniy hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda

Tadbir O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni rivojlantirish va san’at, teatr, kino hamda raqs yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida tashkil etildi.

custom img

Farg‘onada suv ta’minoti xodimi fuqarolar tomonidan kaltaklandi

Jabrlangan xodimga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan hamda mazkur holat yuzasidan tuman ichki ishlar idorasiga xabar berilgan.

custom img

Xorijlik fuqaro O‘zbekistonga sport ozuqasi ko‘rinishida sintetik giyohvandlik moddasini olib kirmoqchi bo‘ldi

Mazkur giyohvand moddalarni qabul qilib olishi kerak bo‘lgan shaxs Bektemir tumanida qo‘lga olingan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"