Qoraqalpog‘istonda xazina topilgani aytilmoqda
Bunga Madaniy meros agentligi oydinlik kiritdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Ellikqal’a tumani hududidagi “Aqchako‘l” turistik-rekreasion zonasida xazina topilgani haqidagi ma’lumotlar tarqaldi. Shu munosabat bilan Madaniy meros agentligi izoh berdi.
Agentlikning Qoraqalpog‘iston boshqarmasi mutaxassislari joyga chiqqan va sohilda olib borilgan o‘rganishlar natijasida madaniy ahamiyatga ega arxeologik topilma yoki xazina topilmagani aniqlandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatilgan tangalar esa bugungi kunda muomalada bo‘lgan 2018 va 2022-yilda chiqarilgan 200, 500 va 1000 so‘mlik tangalar ekani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniy meros boshqarmasi va Ellikqal’a tumani hokimligi vakillari ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirildi. O‘rganishlar davomida tarqatilgan videomurojaatdagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aniqlangan.
Avvalroq hududdan taxminan 75 million yil avval yashagan dinozavr qoldiqlari topilgani xabar qilingan edi.







