AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlamoqda
Ma’lumotlarga ko‘ra, Vashington Rossiyaning strategik tarmoqlariga qarshi yangi choralarni muhokama qilmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiya Federatsiyasiga qarshi yangi iqtisodiy sanksiyalar to‘plamini ishlab chiqmoqda. “Reuters” agentligining xabar berishicha, mazkur choralar Moskvani Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatishga majbur etish maqsadida tayyorlanmoqda.
Manbalarga ko‘ra, yangi sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotining strategik sohalariga, jumladan, energetika, moliya va mudofaa tarmoqlariga qaratilishi mumkin.
Shuningdek, Vashington Yevropa Ittifoqi davlatlariga Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukrainaga harbiy yordam uchun qurol xarid qilishda foydalanish tashabbusini ilgari surgan. Qo‘shimcha ravishda, AQShda joylashgan Rossiya aktivlarini Kiyevning harbiy sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishiga yo‘naltirish bo‘yicha ichki muhokamalar boshlangan.
Ma’lum qilinishicha, Oq uy hozircha Yevropadagi hamkor mamlakatlarning pozitsiyasini kutmoqda. Yangi sanksiyalar yoki qo‘shimcha tariflar bo‘yicha yakuniy qaror Kremlning so‘nggi cheklovlarga bo‘lgan munosabati baholangach qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, AQShning avvalgi sanksiyalari Rossiyaning yirik energetika kompaniyalari — “Lukoyl” va “Rosneft” faoliyatiga qarshi qaratilgan edi.







