Toshkent viloyatida 5 milliard so‘mlik valyuta kontrabandasi fosh etildi
Bekobodlik fuqaro 34 nafar shaxs yordamida yirik miqdordagi xorijiy valyutani Tojikistonga olib chiqmoqchi bo‘lgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida, Bekobod shahrida joylashgan “Farhod” chegara bojxona posti orqali valyuta qimmatliklarini Tojikiston Respublikasiga noqonuniy olib chiqib ketilishining oldini olish maqsadida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Jumladan, Bekobod shahrida yashovchi, 1991-yilda tug‘ilgan shaxs 18 680 300 Rossiya rubli, 140 700 tojik somoni va 180 000 000 o‘zbek so‘mini qo‘shni davlatga noqonuniy olib chiqish maqsadida, ularni qismlarga ajratgan holda, tashuvchi vazifasini bajarayotgan 34 nafar fuqaroga bo‘lib bergan.
O‘z navbatida, mazkur fuqarolar moddiy manfaatdorlik evaziga ushbu pul mablag‘larini Tojikistonga o‘tkazib berish uchun “Farhod” chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtlarida to‘xtatib qolingan va holat tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, tezkor tadbir vaqtida chegara bojxona posti yaqinida bo‘lgan bekobodlik shaxsning “Tracker” rusumli avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, unda ham Tojikiston Respublikasiga olib o‘tishga mo‘ljallab, o‘ramlarga ajratib qo‘yilgan jami 13 538 305 Rossiya rubli, 24 107 tojik somoni, 885 yevro, 300 AQSh dollari, 300 xitoy yuani, 6 840 qirg‘iz somi hamda 10 207 000 o‘zbek so‘mi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.
Tezkor tadbir davomida olingan pul mablag‘larining milliy valutadagi umumiy qiymati 5 milliard 200 million so‘mdan ortiqni tashkil etadi.
Hozirda bekobodlik fuqaro haqida Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Tergov harakatlari davomida valyuta qimmatliklarining haqiqiy egalari aniqlanmoqda.








