Toshkentda 144 tup daraxt moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlandi
Kusherbayevning aytishicha, noqonuniy kesish Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari topshirig‘i asosida amalga oshirilgan.

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida moratoriy talablariga zid ravishda 144 tup daraxt kesib tashlangan. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi inspeksiya ushbu holat bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
Vazirlik maslahatchisi Rasul Kusherbayevning ma’lum qilishicha, 25-oktabr kuni tunda ijtimoiy tarmoqlarda daraxtlarning noqonuniy kesilgani haqidagi videolavha tarqalganidan so‘ng, voqea joyiga ekologiya inspeksiyasi vakillari yetib borgan. O‘rganish davomida Yakkasaroy tumani Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasidan boshlab Bobur ko‘chasi bo‘ylab jami 144 tup mojjevelnik daraxti kesib tashlangani aniqlangan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, daraxtlar tuman hokimining o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov topshirig‘iga asosan tungi vaqtda Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan kesilgan. Bu harakat 2019-yilda Prezident farmoni bilan joriy etilgan daraxtlarni kesish bo‘yicha moratoriy talablariga to‘liq zid hisoblanadi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiiy muhitga yetkazilgan zarar miqdori 620 million 472 ming so‘mni tashkil etgan. Ekologiya vazirligi ushbu ish yuzasidan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, prokuratura organlariga yuborganini bildirdi.
Rasul Kusherbayevning ta’kidlashicha, ayni paytda ekologiya inspektorlariga bosim o‘tkazilgani sababli o‘rganish jarayonlari to‘liq amalga oshirilmagan. Shu bois, vazirlik bu holatni o‘z nazoratiga olgan. U prokuratura organlarining xolislik bilan qonuniy chora ko‘rish zarurligini qayd etdi.
Kusherbayev o‘z videomurojaatida bunday holatlar fuqarolarda norozilik uyg‘otayotganini, hokimiyat vakillari tomonidan ekologik qonunchilik buzilishi esa Prezident tomonidan belgilangan ekologik siyosat tamoyillariga zid ekanini ta’kidladi.
U, shuningdek, ilgari Farg‘ona viloyatining Quvasoy tumanida ham shunga o‘xshash holat — 270 tup daraxtning noqonuniy ko‘chirilishi natijasida 1,8 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani haqida eslatib o‘tdi.
Ekologiya vazirligi ushbu ish bo‘yicha barcha dalillarni prokuratura organlariga taqdim etganini, holat yuzasidan qonun doirasida qat’iy choralar ko‘rilishini bildirgan.







