Xiva – National Geographic sahifalarida
National Geographic orqali Xiva O‘zbekiston madaniy merosining yorqin ramzi sifatida dunyoga tanitildi.

Dunyoning eng mashhur nashrlaridan biri — National Geographic jurnalida Xiva shahriga bag‘ishlangan fotolavha e’lon qilindi. “Bu Markaziy Osiyoning eng yaxshi saqlanib qolgan o‘rta asrlar manzilgohimi? Xivani rasmlarda ko‘ring” (Is this Central Asia’s best-preserved medieval settlement? See Khiva in pictures) sarlavhasi ostida chop etilgan materialda muallif qadimiy Xivani Markaziy Osiyodagi eng yaxshi saqlanib qolgan tarixiy shahar sifatida ta’riflaydi.
Maqolada Xivaning o‘ziga xos arxitekturasi, qadimiy devorlari, minoralari va tor ko‘chalari bilan o‘tmish ruhini saqlab qolgan noyob manzilgoh ekani qayd etilgan. Jurnal sahifalarida tonggi quyosh nurlari ostida yoritilgan eski shahar manzaralari, mahalliy hunarmandlarning yog‘och o‘ymakorligi va kulolchilik san’atidagi ishlari, shuningdek, shaharning kundalik hayoti — tandirda non yopayotgan ayollar, choyxonalar va osoyishta ko‘chalar tasvirlangan.
Muallif ta’kidlashicha, Xiva bugun ham o‘z an’analarini saqlab qolgan, samimiy va mehmondo‘st shahar sifatida dunyo sayyohlarini o‘ziga rom etmoqda. Ushbu material orqali National Geographic o‘quvchilari O‘zbekistonning madaniy merosi va tarixiy go‘zalligini yangi nigohda kashf etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.







