Farg‘onada bolalardan dadasidan qanday hid kelishini so‘ragan tarbiyachi jazolandi
O‘rganish davomida uning ish hujjatlari ham to‘liq tekshirilgan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarbiyachining bolalardan dadasidan qanday hid kelishini so‘ragani aks etgan video tarqalgandi. Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, mazkur holat Furqat tumanidagi 1-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tayyorlov guruhi tarbiyachisi S.O. tomonidan o‘quv dasturlarida belgilab qo‘yilmagan tartibda og‘zaki so‘rovnoma o‘tkazilganligi bilan bog‘liq. Ushbu so‘rovnoma videosi tayyorlov guruhining ota-onalar uchun mo‘ljallangan Telegram guruhiga joylashtirilgan.
O‘rganish jarayonida tarbiyachi S.O. bilan suhbat o‘tkazilib, u mazkur so‘rovnomani mustaqil ravishda, oqibatlarini o‘ylab ko‘rmasdan o‘tkazganini va videolavhani ota-onalar guruhiga joylashtirganini afsus bilan maʼlum qilgan.
Shuningdek, o‘rganish davomida tarbiyachi S.O.ning ish faoliyati hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2025 yil 29 avgustdagi 323-sonli “Maktabgacha taʼlim tashkiloti va pedagoglarining ish hujjatlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i asosida yuritilishi lozim bo‘lgan ish hujjatlari to‘liq tekshirilgan.
Natijada ish hujjatlarida ayrim kamchiliklar aniqlanib, o‘quv jarayonlariga mos kelmagan so‘rovnomalar o‘tkazilganligi yuzasidan tarbiyachidan tushuntirish xati olingan.
Tarbiyachi S.O.ga qonunlarda belgilangan tartibda xayfsan intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.







