Namanganda Janubiy Koreya va Slovakiyaga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi
Firibgarlar xorijga yuborish evaziga fuqarolardan 1000 dollar va 40 mln so‘m miqdorida pul talab qilgan.

Namangan shahridagi xususiy bandlik agentligining norasmiy ishchisi To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, tanishlari orqali ularni Janubiy Koreya davlatiga ishga yuborish evaziga 2000 AQSh dollari talab qilgan.
Ammo u oldindan 1000 AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Namangan shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari ham mansabdor tanishlari orqali o‘z hamshaharini Slovakiya davlatiga ishga yuborish evaziga 40 mln so‘m talab qilib, oldindan viza chiqartirib berish uchun 600 AQSh dollari va 2,8 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Ta’kidlash lozimki, mazkur shaxs ilgari firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan bo‘lsa-da, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








