O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,6 foizga o‘sdi, oltin-valyuta zaxiralari 55 milliard dollarga yetdi
Shavkat Mirziyoyev raisligida 2026-yil uchun makroiqtisodiy reja va budjet ko‘rsatkichlari muhokama qilindi.

27-oktabr kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda joriy yilda iqtisodiyotda erishilgan natijalar, shuningdek, kelgusi — 2026-yil uchun rejalashtirilgan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va budjet parametrlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyida iqtisodiyot 7,6 foizga o‘sdi. Sanoat hajmi 6,8 foiz, qurilish — 14,2 foiz, xizmatlar sohasi — 14 foiz, qishloq xo‘jaligi esa 4,1 foizga oshgan. Oltin-valyuta zaxiralari 55 milliard dollarga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga ko‘paygan.
Xalqaro reyting agentliklari mamlakat iqtisodiy barqarorligini yuqori baholadi: “Fitch Ratings” O‘zbekiston suveren reytingini oshirdi, “Moody’s” va “S&P Global” esa prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi.
Davlat rahbari erishilgan natijalar aholining turmush darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Aholi daromadlari 18,4 foizga, omonatlar 35,3 foizga, o‘rtacha ish haqi esa 19,2 foizga oshgan.
Prezident yil yakunigacha yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish zarurligini qayd etib, yalpi ichki mahsulot hajmini 135 milliard dollardan oshirish iqtisodiy kompleksning asosiy vazifasi etib belgiladi.
Kelgusi yil uchun asosiy maqsadlar sifatida o‘sishni 6,6 foiz darajasida ta’minlash, YaIMni 150 milliard dollardan oshirish, iqtisodiyotga kamida 400 trillion so‘m yo‘naltirish va inflyatsiyani 7 foizdan oshirmaslik belgilandi.
Yig‘ilishda davlat rahbari xarajatlarni qisqartirish, samaradorlikni oshirish va budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlashni barcha darajadagi rahbarlar uchun ustuvor vazifa sifatida belgilab berdi.
Xususan, strategik tarmoqlarda tannarxni kamaytirish, xususiy sektor ulushini kengaytirish, samarasiz imtiyoz va subsidiyalarni qayta ko‘rib chiqish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish kabi aniq yo‘nalishlarda topshiriqlar berildi.
Shuningdek, budjetdan tashqari jamg‘armalardagi mablag‘larning bir qismini maktablar qurilishi va tibbiyot sohasiga yo‘naltirish topshirildi.
Yig‘ilish yakunida 2026-yilgi Davlat budjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.







