Shavkat Mirziyoyevning joriy ish haftasi muhim voqealarga boy bo‘ladi
O‘zbekiston Prezidentining ish haftasi rejasi ma'lum qilindi.

Bugun davlat rahbari joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar hamda 2026-yilga mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazadi. Unda mamlakat iqtisodiy rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari, tarkibiy islohotlarni jadallashtirish va barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash masalalari muhokama qilinadi.
Kunning ikkinchi yarmida Prezidentimiz AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qiladi. Uchrashuvda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik, savdo-investitsiya hamkorligi va ekologiya sohasidagi istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, shu hafta Prezidentimiz Samarqand shahrida o‘tayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etadi. Mazkur tadbir ilk bor Parij shahridan tashqarida o‘tkazilayotgani bilan tarixiy ahamiyat kasb etadi. Davlat rahbari anjumanda madaniyat, ilm-fan va ta’lim sohalarida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish borasidagi tashabbuslarni ilgari suradi hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Bundan tashqari, joriy haftada mamlakatimizga Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich va Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb rasmiy tashrif bilan keladi. Sammitlar doirasida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilib, siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.







