Turkiya aeroportida 5 nafar o‘zbekistonlik 61 kilogramm oltin bilan qo‘lga olindi
Oltin go‘sht maydalagichlar va mikserlar ichiga ehtiyot qismlar sifatida yashirilgan

Turkiya huquqni muhofaza qilish organlari 5 nafar O‘zbekiston fuqarosini noqonuniy ravishda oltin olib o‘tishga uringani uchun qo‘lga oldi. Bu haqda mahalliy OAVlar xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 3 nafar ayol va 2 nafar erkakdan iborat guruh O‘zbekistondan Istanbul orqali Kappadokiya viloyatining Nevshehir aeroportiga uchib kelgan. Tekshiruv davomida ularning bagajlaridan 61 kilogramm 121 gramm oltin aniqlangan. Qimmatbaho metall go‘sht maydalagichlar va mikserlar ichiga ehtiyot qismlar shaklida eritilib joylashtirilgani ma’lum bo‘lgan.
Tergovga ko‘ra, Nevshehir viloyati politsiyasining kontrabanda va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari gumondorlar haqida avvaldan ma’lumotga ega bo‘lgan. Aeroportda ularni kutib olish uchun kelgan shaxs ham qo‘lga olingan.
Qo‘lga olingan shaxslar va topilgan oltinlar musodara qilinib, gumondorlar sud organlariga topshirilgan.







