"Qahramonlarni maydondan emas, maydon ortidan izlash kerak" Ro‘ziqul Berdiyevning “Neftchi” haqida aytgan gaplari yuzasidan tekshiruv boshlandi
Murabbiy bayonoti sport odob-axloqi asosida tekshirilmoqda.

O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi (O‘FA) "Nasaf" klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevning 26-oktabr kuni "OKMK"ga qarshi o‘yindan so‘ng bergan matbuot anjumanidagi bayonotlari bo‘yicha rasmiy tekshiruv boshlaganligini ma’lum qildi.
Matbuot anjumanida Berdiyev "Neftchi" klubi haqida bergan izohlari futbol jamoatchiligi tomonidan keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Murabbiy o‘z bayonotida: "Agar 'Neftchi' vazifani bajarsa, qahramonlarni maydondan emas, maydon ortidan izlash kerak bo‘ladi" deb aytgan.
O‘FA ma’muriyati murabbiyning bu bayonotlari futbol qoidalariga va sport odob-axloq normalariga mos kelishini aniqlash maqsadida rasmiy tekshiruv boshlaganligini tasdiqladi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, kerakli huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 26-turdagi "OKMK" – "Nasaf" o‘yini 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Hozirda O‘zbekiston Superligasi jadvalida "Neftchi" va "Nasaf" jamoalari har ikkalasi 57 ochko to‘plagan bo‘lib, qolgan 4 tur chempionlik kurashining qizg‘in davomini va’da qilmoqda.








