Qoraqalpog‘istonda MIB orqali 10 ta tadbirkorning qarzi undirildi
Ijro harakatlari davomida 1,3 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorlik undirilgan.

Nukus, Toshkent, Urganch va Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudlarining qarorlariga asosan qarzdor “QORATOV YO‘LLARDAN MUNTAZAM FOYDALANISH” davlat muassasasidan undiruvchi 10 ta tadbirkorlik subyektlari foydasiga jami 1 mlrd 341 mln so‘m qarz undirish belgilangan.
Undiruvchilar ushbu qarorlarga asosan chiqarilgan ijro hujjatlarni ijro etib berishni so‘rab, Majburiy ijro byurosi Qorao‘zak tuman bo‘limiga murojaat qilgan va bo‘lim xodimlari tomonidan ijro harakatlariga kirishilgan.
Jumladan, sud qarori ijrosini taʼminlash maqsadida bo‘lim davlat xodimlari tomonidan qarzdorning asosiy bank hisob raqamiga elektron inkasso qo‘yilgan va qarzdorga tegishli 2 ta avtomashinalar xatlovga olingan.
Shuning natijasida, joriy yilning 28 oktyabr kuni 1,3 mlrd. so‘mdan ortiq qarzdorlik to‘lig‘i bilan undirilib, ushbu pul mablag‘lari undiruvchilarning hisob raqamiga o‘tkazib berilgan.








