Turkiyada xotinini pichoqlab o‘ldirgan o‘zbekistonlik erkak umrbod qamoqqa hukm qilindi
Istanbul shahridagi sud o‘zbekistonlik fuqaroni og‘irlashtiruvchi holatlar bilan qasddan odam o‘ldirishda aybdor deb topib, qonunda nazarda tutilgan eng og‘ir jazoga hukm qildi.

Istanbul shahridagi sud O‘zbekiston fuqarosini qasddan odam o‘ldirishda aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Joriy yilning aprel oyida Istanbulning Pendik tumanida er-xotin o‘zaro janjallashib qolgan, shundan so‘ng erkak ayolni kaltaklagan va uni bir necha bor pichoqlagan.
Sud jarayonida o‘zbekistonlik fuqaro o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan chuqur pushaymonligini bildirdi. U suddan yengillik so‘rab, O‘zbekistonda parvarishga muhtoj keksa onasi borligini va ilgari bosqinchilik uchun sudlanganligini aytdi.
Voqea guvohlari bayonotlariga ko‘ra, jabrlanuvchi ayolning qichqiriqlarini eshitgan qo‘shnilar yordamga kelishgan, biroq ularning aralashuviga qaramay erkak ayolga bir necha marta pichoq urgan. Jinoyat sodir bo‘lganidan so‘ng sudlanuvchi qochib ketishga uringan, ammo qisqa muddat ichida politsiya tomonidan qo‘lga olingan.
Sud o‘zbekistonlik fuqaroni og‘irlashtiruvchi holatlar bilan qasddan odam o‘ldirishda aybdor deb topib, qonunda nazarda tutilgan eng og‘ir jazo – umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.







