YUNESKO Bosh direktori Samarqandga tashrif buyurdi
U ertaga Samarqandda o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasi yig‘ilishida ishtirok etadi.

YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ishtirok etish uchun tashkilot Bosh direktori Odri Azule xonim va konferensiya ishtirokchilari ilk “Parij - Samarqand” charter reysi bilan bugun tongda Samarqand shahriga keldi.
Yuqori martabali mehmonni O‘zbekiston hukumati va viloyat hokimligi masʼullari kutib oldi.
2017 yildan buyon tashkilotga rahbarlik qilgan Odri Azule uchun mazkur sessiya uning YUNESKO Bosh direktori sifatida qatnashgan so‘nggi sessiyasi bo‘ladi. Samarqandda YUNESKOning yangi bosh direktori rasman ishga kirishadi. Bu vazifaga yaqinda tashkilot Ijroiya qo‘mitasining 222-sessiyasida o‘tkazilgan saylovda g‘olib chiqqan misrlik 54 yoshli Xolid Al-Ananiy tasdiqlanadi.
Odri Azule xonim tashkilotning Samarqand forumi arafasida “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida “Bo‘linishlar muloqotga soya solishi mumkin bo‘lgan davrda mazkur anjuman kelajagimiz o‘zaro bog‘liq ekanini eslatib turishi kerak”, deb taʼkidlagan.
Eslatib o‘tamiz, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi so‘nggi qirq yil ichida ilk bor Parijdan boshqa shaharda, 30 oktyabr - 13 noyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadi.







