Andijonda 68 milliard so‘mlik noqonuniy kriptobiznes fosh qilindi
30 yoshli gumonlanuvchi kriptovalyuta sotib olish, sotish va almashtirish bilan shug‘ullangan.

Andijonda ro‘yxatdan o‘tmagan kriptovalyuta birjasi orqali 68,2 milliard so‘mlik operatsiyalar amalga oshirgan shaxs qo‘lga olindi. Ichki ishlar vazirligining Kiberxavfsizlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi Shahrixon tumanida yashovchi 30 yoshli fuqaro bo‘lib, u kriptovalyuta sotib olish, sotish va almashtirish bilan shug‘ullangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, shaxs qonuniy rasmiylashtirilmasdan kriptoaktivlar bilan shug‘ullangan, bu esa O‘zbekiston qonunchiligiga zid hisoblanadi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi 3-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov organlari tomonidan gumonlanuvchining faoliyati va uning hamkorlari to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumotlar to‘plash ishlari olib borilmoqda. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shaxs uzoq vaqt davomida noqonuniy kriptovalyuta operatsiyalarini amalga oshirgan.







