Isroil Livanda harbiy operatsiya o‘tkazdi
Xujum oqibatida hokimiyat xodimi halok bo‘ldi.

Livanning janubida joylashgan Bilda shahrida Isroil qo‘shinlari ishtirokida harbiy operatsiya o‘tkazildi. Livan davlat axborot agentligining maʼlum qilishicha, dronlar va yengil zirhli texnika yordamida amalga oshirilgan hujum chog‘ida shahar maʼmuriyati binosi o‘qqa tutilgan. Natijada binoda bo‘lgan mahalliy hokimiyat xodimi Ibrohim Salame halok bo‘lgan.
Isroil armiyasi amaliyot “Hizbulloh”ga tegishli infratuzilmani yo‘q qilishga qaratilganini bildirdi. Ularga ko‘ra, bino ichida “to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid solgan shubhali shaxs” aniqlangan va o‘t ochish shundan so‘ng amalga oshirilgan. Biroq Livan tomoni hamda mahalliy manbalar binoning “Hizbulloh”ga tegishli ekanini tasdiqlovchi dalillar keltirilmaganini taʼkidlab, Isroilni mamlakat suverenitetini buzganlikda aybladi.
Hodisadan keyin Bilda va unga yaqin aholi punktlarida Isroil agressiyasiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazildi. Livan bosh vaziri bu harakatni “Livan hududiy yaxlitligining qo‘pol ravishda buzilishi” sifatida qoraladi.
So‘nggi haftalarda Isroil Livanda “Hizbulloh” va Eron bilan bog‘liq deb baholangan nishonlarga nisbatan hujumlarini kuchaytirgan. 2024 yil oxirida ham Isroil chegara hududlariga qo‘shin kiritib, tashkilotga jiddiy zarba berilganini, jumladan uning uzoq yillar rahbari Hasan Nasrulloh nobud etilganini maʼlum qilgan edi.
Mazkur hodisa ikki mamlakat o‘rtasidagi keskinlik yana-da kuchayishi va harbiy to‘qnashuvlar avj olishi ehtimolini oshirmoqda.







