AQSH sovuq urushni boshlab berishi mumkin
Donald Trampning yadro qurollarini sinovdan o‘tkazish haqidagi buyrug‘i dunyo jamoatchiligi orasida jiddiy xavotirlarni uyg‘otmoqda. Chunki bu qaror yadro qurollari poygasini qayta boshlab, insoniyatni yo‘qotish yoqasiga olib kelgan Sovuq urush ruhini yana jonlantirishi mumkin.

AQSH prezidenti Donald Trampning yadro qurollarini sinovdan o‘tkazish haqidagi buyrug‘i dunyo jamoatchiligi orasida jiddiy xavotirlarni uyg‘otmoqda. Qarordan so‘ng, Xalqaro nashrlar Tramp Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotidan umidini uzish kerakligini aytmoqda. Shu bilan birga Trampning bu harakati XX asrda to‘xtatilgan sovuq urushni boshlab yuborishi mumkin. Xo‘sh, Trampning bu qaror nima uchun xalqaro jamoatchilik orasida xavotirlarni uyg‘otmoqda? “The New York Times” bu haqda tahliliy maqola eʼlon qildi.
Sovuq urush davrida AQSH , Rossiya, Xitoy ketma-ket ravishda yadro portlashlarini o‘tkazgan, o‘sha vaqtda dunyo yana bir “katta urush” xavfi ostida edi. 1990 yillarda ushbu amaliyotlarni to‘xtatish uchun Yadro sinovlarini to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. Ammo shartnoma kuchga kirishi uchun yirik davlatlarning barchasi uni ratifikatsiya qilish kerak edi, shu sababli ushbu shartnoma to‘liq kuchga kirmagan. Shunga qaramay 30 yildan oshiq vaqt davomida bu kelishuvga amal qilinib kelinmoqda.
Trampning keskin bayonoti
Trampning Osiyoga qilgan safarida yaʼni Janubiy Koreyadan qaytayotganida u jurnalistlarga qarata: “Biz yadro sinovlarini bundan ko‘p yillar avval to‘xtatganmiz. Ammo boshqalar bunday sinovlar o‘tkazayotgan ekan, biz ham shunday qilishimiz kerak deb o‘ylayman”, — degandi.
Times‘ga ko‘ra, Trampning bu bayonoti haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki so‘nggi 25 yil ichidan muntazam yadro sinovlarini faqatgina Shimoliy Koreya o‘tkazib kelmoqda. U ham 2017 yildan buyon yadro sinovlarini o‘tkazmayapti.
“Tramp, ehtimol, Rossiyaning yadro dvigatelli raketa yoki Poseydon nomli suv osti droni kabi yangi qurollarni sinashini “yadro sinovi“ deb noto‘g‘ri tushungan“, - deyiladi Times maqolasida.
AQSHning yadro sinovlari bo‘yicha masʼul shaxs, kogressning sobiq aʼzosi Brendon Uilyams Sentdagi chiqishida bu sinovlarni qayta boshlashni maslahat bermasligini, bunga zarurat ham yo‘qligini aytgan.
Maqolada yozilishicha, Tramp Janubiy Koreyada Si Szinpin bilan uchrashishidan bir soat oldin, ijtimoiy tarmoqda Mudofaa vazirligiga yadro sinovlarini darhol boshlash kerakligini yozgan. Bu esa ko‘plab hukumat vakillari va mutaxassislarni hayratda qoldirgan. Chunki yadro sinovlari uchun Mudofaa vazirligi emas Energetika vazirligi masʼul ekanligi aytilmoqda.
“Tramp “AQSHda eng ko‘p yadro qurollari bor” deb maqtandi, lekin bu ham noto‘g‘ri — Rossiyada ko‘proq yadro qurollari mavjud. Xitoy esa “uchinchi o‘rinda”, biroq uning salohiyati tez o‘sib bormoqda”, - deyiladi maqolada.
AQSH vitse-prezidenti J. D. Vens AQSHning yadro arsenallari ishlayotganligini, faqat ularni muntazam tekshirib turish lozim ekanligini aytgan.
Ko‘plab ekspertlar ogohlantirmoqda: agar AQSH yadro sinovlarini qayta boshlasa, bu boshqa davlatlarga ham “ruxsat berilgan” signal bo‘ladi. Bu ayniqsa xavfli, chunki AQSH va Rossiya o‘rtasidagi so‘nggi qurol nazorati shartnomasi muddati tugashiga atigi 100 kun qoldi.
Rossiya va Xitoy o‘z poligonlarini hozirdayoq sinovga tayyor holatda ushlab turishgan. AQSH esa Nevada cho‘lida joylashgan poligonida ko‘pdan beri ishlatilmagan uskunalar sababli tayyorgarlikka ega emas.
Trampning birinchi prezidentligi davrida ham bu masala muhokama qilingan, hatto tayyorgarlik muddatini bir necha yildan atigi olti oygacha qisqartirish taklif qilingan edi. Biroq mutaxassislar buni haqiqat emas, deb hisoblagan. Harbiy poligon infratuzilmasi esa yaroqsiz holga kelganligi aytilgan edi.
“Projekt 2025” va siyosiy maqsadlar
Trampning tarafdorlari 2023 yilda “Projekt 2025” nomli siyosiy hujjatda shunday taklifni ilgari surgan edi: “AQSH darhol yadro sinovlarini qayta o‘tkazishga tayyor bo‘lishi kerak — bu prezidentga maksimal erkinlik beradi”.
Trampning sobiq milliy xavfsizlik maslahatchisi Robert C. O‘Brayan esa “Foreign Affairs” jurnalida “AQSH yangi yadro qurollarini real sharoitda sinovdan o‘tkazishi kerak”, — deb yozgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ilmiy ehtiyoj emas, balki siyosiy signal — AQSH hanuz “yadro davrining haqiqiy rahbari” ekanini ko‘rsatish uchun.
Tanqidchilar esa bunday harakat global yadro poygasini qayta boshlab yuboradi, deb ogohlantirmoqda. Ularning aytishicha, AQSH laboratoriyalari allaqachon qurollarning ishonchliligini portlashsiz sinovlar orqali tasdiqlab kelmoqda.
AQSHning texnologik ustunligi
Bugungi kunda AQSH yadro qurollarining xavfsizligi va samaradorligini superkompyuterlar, lazer tizimlari va yirik rentgen uskunalari yordamida tekshiradi. Bunday murakkab texnologiyalar faqat AQSHda mavjud.
Ammo ayrim olimlar shunga qaramay, haqiqiy portlash sinovlari yangi qurollarni aniqroq tahlil qilish imkonini beradi, deb hisoblaydi.
Sovuq urush yillarida AQSH 1030 marta, Rossiya 715 marta, Fransiya 210 marta, Xitoy esa 45 marta yadro portlashi o‘tkazgan. 1996 yilda bu jarayon rasman to‘xtatildi.
Ammo AQSH Senati shartnomani ratifikatsiya qilmagani uchun, u huquqiy jihatdan majburiy emas — yaʼni, istasa, AQSH sinovlarni istalgan paytda qayta boshlashi mumkin.
“Ha, sinovlardan biroz foyda bo‘lishi mumkin. Lekin katta manzaraga qarasak, u bizga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi”, - degan Los-Alamos yadro laboratoriyasining sobiq rahbari Sigfrid S. Xekker.
Uning fikricha, AQSH hozircha raqiblaridan ancha ilg‘or texnologiyalarga ega va sinovlarni qayta boshlash bu ustunlikni xavf ostiga qo‘yadi.
Trampning bayonoti nafaqat AQSH ichida, balki butun dunyoda xavotir uyg‘otdi. Chunki bu qaror yadro qurollari poygasini qayta boshlab, asrda insoniyatni yo‘qotish yoqasiga olib kelgan Sovuq urush ruhini yana jonlantirishi mumkin.







