"Nasaf" klubi muxlislari YTHga uchradi - 1 kishi vafot etdi
O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi marhumning oilasiga va jamoaga hamdardlik bildirdi.

Kecha, 30-oktabr kuni Namangan shahrida bo‘lib o‘tgan "Navbahor" – "Nasaf" futbol uchrashuvidan so‘ng Qashqadaryo jamoasi muxlislari ortga qaytayotganda Taxtaqoracha dovonida yo‘l-transport hodisasiga uchragan. Baxtsiz hodisa natijasida "Nasaf" muxlisi Mahmud Muhammadiyev hayotdan ko‘z yumgan, yana to‘rt nafar muxlis turli darajadagi jarohatlar olgan va shifoxonaga yotqizilgan.
O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi vafot etgan muxlis Mahmud Muhammadiyevning oila a’zolari, yaqinlari hamda butun "Nasaf" futbol jamoasi va muxlislari bilan chuqur hamdardlik bildiradi.







