“Hizbulloh” qayta qurollanmoqda: Yaqin Sharqda yana urush bo‘lishi mumkin
Isroil bilan sulh imzolanganiga hali bir yil ham to‘lmay, Eronning eng yaqin ittifoqchisi — “Hizbulloh” yana qurollar to‘plamoqda. Ekspertlarga ko‘ra, “Hizbulloh”ning Isroilga bu galgi qarshiligi oddiy bo‘lmaydi.

Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan livanlik “Hizbulloh” harakati Isroil bilan tuzilgan sulhga qaramay, yana qurollanmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal nashri Isroil va arab razvedka manbalariga tayanib xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, guruh Suriyadan o‘tuvchi yashirin yo‘llar va dengiz portlari orqali raketalar, tankka qarshi qurollar hamda artilleriya snaryadlarini yig‘moqda. Ayrim qurollar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Livanda ishlab chiqarilmoqda.
Guruhning bu harakatlari sulh shartlarida zid hisoblanadi. Ammo tashkilot o‘zini himoya qilish uchun qurollarni “zarur chora” deb baholamoqda.
Maʼlum bo‘lishicha, Isroil tomonida bunday jarayon jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Rasmiy Tel-Aviv otashkesimga to‘liq amal qilmay, o‘tgan noyabrdan buyon “Hizbulloh”ga mingdan ortiq zarba bergan.
AQSHning Turkiyadagi elchisi Tom Barrak oktyabr oyida Livanni ogohlantirgan edi.
Uning aytishicha, agar Bayrut “Hizbulloh” faoliyatiga qarshi qatʼiy choralar ko‘rmasa, Isroil mustaqil harakat qilishi mumkin. Livan hukumati esa Qo‘shma Shtatlar va arab davlatlari vositasida tinch yo‘l bilan muzokaralarni davom ettirish tarafdori.
“Hizbulloh” rahbari Naim Qosim esa televideniyedagi chiqishida guruhni qurolsizlantirishga qarshi ekanini bildirdi, biroq u yangi urushni xohlamayotganini taʼkidladi. Unga ko‘ra, sulh eʼlon qilinganidan beri “Hizbulloh” Isroil zarbalariga javob qaytarmagan.
The Wall Street Journal yozishicha, “Hizbulloh” nafaqat Livanda, balki Lotin Amerikada ham faol moliyaviy yordam olmoqda. AQSH ekspertlariga ko‘ra, guruh Venesuelada noqonuniy savdo va moliyaviy operatsiyalar orqali daromad topmoqda.
Bu jarayon Eronning o‘zi xalqaro sanksiyalar va iqtisodiy bosim ostida qolayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda.
“Hizbulloh uzoq vaqtdan beri Tehrondan moliyaviy yordam kamayganda diaspora va noqonuniy savdo tarmoqlariga tayangan. Endi esa bu tarmoqlar guruhning asosiy moliyaviy manbaiga aylangan”, — dedi Terrorizm bo‘yicha tahlilchi Mettyu Levit.
Tahlilchilarga ko‘ra, “Hizbulloh”ning qayta qurollanishi mintaqadagi muvozanatni izdan chiqarishi mumkin. Isroil bu holatni tahdid sifatida ko‘rsa, Livan hukumati uchun esa bu ichki siyosiy muammoni keltirib chiqaradi. Chunki “Hizbulloh” ustidan nazorat yo‘q.
Eron esa bu jarayonni ochiqchasiga qo‘llamayotgan bo‘lsa-da, Tehron uchun “Hizbulloh” harakati Yaqin Sharqda siyosiy bosim vositasi bo‘lib qolmoqda.







