Samarqand yoshlar ovozini dunyoga yetkazgan minbar bo‘ldi
Yoshlar Forumi yoshlarning global miqyosda eshitilishiga va ularning tashabbuslarini jahon hamjamiyati oldiga chiqarish imkoniyatini berdi.

27–28 oktyabr kunlari qadimiy Samarqand shahrida o‘tkazilgan 14-YUNESKO Yoshlar forumida 140 dan ortiq mamlakatdan yosh yetakchilar, ekspertlar va rasmiy delegatlari bugun insoniyatni tashvishga solayotgan ekologik muammolarga yechim topish uchun birlashdi.
Forum yoshlar ovozini global miqyosda e'tiborli qilish va ularning tashabbuslarini dunyo hamjamiyati oldiga chiqarish imkonini berdi.
Dunyoning turli burchaklaridan kelgan yoshlar forumda iqlim o‘zgarishiga qarshi qanday amaliy takliflarni ilgari surdi va ularning g‘oyalari kelajakka qanday taʼsir qiladi?

Xoup Banda / YUNESKOning Malavi Milliy Komissiyasi vakili
Biz bu yerda qaror qabul qiluvchi shaxslar va siyosat yurituvchilar amalga oshiradigan tavsiyalar ustida ishlayapmiz. Juda ko‘p tavsiyalar ishlab chiqildi, taxminan olti asosiy yo‘nalish mavjud. Ular orasida iqlim taʼlimini o‘quv dasturlariga kiritish, shuningdek, iqlim siyosatining moliyaviy jihatlariga eʼtibor qaratish ham bor. Afrikada bu sohada ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda, ammo moliyalashtirish masalasi ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shu sababli, biz qaror qabul qiluvchi shaxslar qanday yo‘l bilan bizga maksimal darajada yordam bera olishlari haqida tavsiyalar ishlab chiqishimiz kerak. Bu yordam orqali biz iqlimga oid amaliy harakatlar, iqlim adolati va iqlimga moslashish tamoyillarini samarali amalga oshirishimiz mumkin bo‘ladi.
Boshqa tavsiyalarimiz qatorida siyosatda madaniy inklyuziyani taʼminlash, shuningdek, hukumat qarorlaridan tortib boshqa barcha jarayonlarda ham yoshlarning ovozini inobatga olish masalalari ham mavjud. Ana shunday yo‘nalishlar biz ishlab chiqayapgan asosiy tavsiyalardir.

Gulnaz Abutova — ishtirokchi (O‘zbekiston)
Menga O‘zbekiston nomidan YUNESKOning xalqaro yoshlar konferensiyasida ishtirok etish sharafi nasib etdi va u yerda o‘z loyiham bilan chiqish qildim. O‘zim Qoraqalpog‘istondanman. Bilasiz, bizning mintaqam ekologik muammo — cho‘llanish va Orol dengizning qurib borishidan eng ko‘p aziyat chekkan hududdir.
O‘tgan yili, aprel oyida men “Toza suv” nomli loyihaga asos soldim. Ushbu loyiha Qoraqalpog‘istonning Orolbo‘yi mintaqasini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashga qaratilgan. Biz suv tozalash stansiyalarini qurishni boshladik. Har bir stansiya taxminan 10 ming dollarga tushadi. Biz mablag‘larni korxonalar va oddiy aholidan yig‘ishni boshladik.
Bugungi kunda, bir yarim yil ichida biz 10 ta stansiya qurdik va ular Qoraqalpog‘istonning 9 mingdan ortiq aholisini toza suv bilan taʼminlamoqda.
O‘zbekiston uchun esa bu konferensiyani birinchi marta Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida mezbon sifatida o‘tkazish katta sharaf bo‘ldi. Eng muhimi, bu bizga o‘zimizni dunyoga tanitish imkoniyatini berdi, chunki ko‘plab ishtirokchilar, ajablanarlisi shundaki, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Orol dengizning global ekologik muammosi haqida avval eshitmagan edi.
Daba Salim — ishtirokchi (Marokash)
O‘zim haqimda aytsam: men "Discover Our Backcycles" nomli startapning muallifiman. Biz chiqindilarni qayta ishlash bilan shug‘ullanamiz va korxonalarning ijtimoiy masʼuliyat (RSE) bo‘yicha brendlar uchun mahsulotlar ishlab chiqamiz.
Mening istagim, bugun olgan barcha maʼlumotlarimizni haqiqatdan ham barqaror amaliy harakatlarga aylantiraylik. Shu ikki kun davomida olgan bilim va g‘oyalarimiz orqali biz davlatlarimizda va hatto global miqyosda katta loyihalarni amalga oshirishimiz mumkin. Chunki oddiygina harakatlarning o‘zi ham dunyomiz uchun katta ahamiyatga ega.

Abxishek Kumar — ishtirokchi (Hindiston)
Namaste. Men Hindistondan Abhishek Kumarman. Men Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha jurnalist sifatida ishlayapman — iqlim o‘zgarishi va ijtimoiy taʼsir masalalarini inklyuziv, adolatli va barcha uchun ochiq qilish ustida izlanaman.
Inklyuziv iqlim taʼlimi loyihasida ham ishlayapman — bu loyiha orqali jamiyatning chekama qatlamlari, himoyasiz guruhlar, masalan haydovchilar, mahalliy (tub) aholilar va nogironligi bo‘lgan shaxslar iqlim taʼlimiga jalb qilinadi, shunda biz hech kimni ortda qoldirmaymiz. Ko‘p hollarda nogironligi bo‘lgan bolalar va yoshlar, chekka hududlardan chiqqan bolalar iqlim taʼlimidan chetda qolishadi. Shuning uchun biz butun dunyo miqyosida qishloq joylardagi shunday qatlam ayniqsa, yoshlar, nogironligi bo‘lgan bolalar, hamda qiz bolalarni iqlim taʼlimiga jalb qilishimiz kerak.

Kola Dauda — ishtirokchi (Nigeriya)
Men Afrika qitʼasining g‘arbiy qismida joylashgan Burkina-Faso davlatidanman. Menda bir nechta takliflar ham bor. Biz yoshlar qaror qabul qilish jarayoniga qo‘shilishimiz kerak. Siyosiy muloqotlarda ishtirok etishga imkoniyat yaratish lozim. Yoshlarning fikrlari va qarorlarini inobatga olish muhim. Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi mavzusida yoshlar uchun yangi taʼlim tizimini yo‘lga qo‘yish kerak deb hisoblayman. Chunki bu yosh yetakchilarning dunyoqarashini o‘zgartirishga yordam beradi. Yaʼni, yoshlarni iqlim o‘zgarishi haqida yangicha fikrlashga va bu borada faol bo‘lishga o‘rgatish juda muhimdir.
Yana alohida urg‘u bermoqchimanki, bu forum yoshlar uchun juda muhim, chunki iqlim o‘zgarishi hodisasi eng avvalo ularni taʼsir ostida qoldiradi. Shu sababli, yoshlarni bir joyga to‘plab, ularga o‘z fikrini erkin ifoda etish, muammolarga yechim topish va boshqaruv organlariga tavsiyalar ishlab chiqish imkonini beradigan bunday uchrashuvlarni o‘tkazish juda zarur.
Forumning birinchi kunidayoq men mamlakat tomonidan juda yaxshi tashkil etilganini ko‘rdim. Shu bois O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman. Hammasi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, tashkilotchilik darajasi yuqori. Men buning uchun juda minnatdorman — ham O‘zbekistonga, ham YUNESKOga. Rahmat.







