Tadbirkorlarga asossiz jarima qo‘llagan mansabdorlar jazolanadi
Biznes-ombudsman tadbirkorlarni asossiz jarimalardan himoya qilish maqsadida yangi huquqiy mexanizm joriy etishni taklif qildi.

O‘zbekistonda tadbirkorlarga asossiz ravishda jarima qo‘llagan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish tartibini joriy etish taklif etildi. Prezident huzuridagi Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Business Ombudsman) mazkur masala bo‘yicha qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.
Vakolatli organning ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim davlat idoralari tomonidan tadbirkorlarga nisbatan noqonuniy jarimalar qo‘llanish holatlari hanuz kuzatilmoqda. O‘tgan yili tadbirkorlar tomonidan sudlarga 6 370 ta shunday shikoyat kiritilgan.
Natijada 5 280 ta holatda sud tadbirkorlar foydasiga qaror chiqargan va bekor qilingan jarimalar summasi 1,4 trln so‘mdan oshgan. Joriy yilning ilk olti oyida yana 4 738 ta shikoyat qayd etilgan bo‘lib, ularning 3 755 tasi asosli deb topilgan. Bu orqali tadbirkorlar zimmasidan taxminan 3,1 trln so‘mlik noto‘g‘ri jarimalar olib tashlangan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, asossiz jarima qo‘llagan mansabdor shaxslar hech qanday javobgarlikka tortilmaydi. Bu esa ayrim rahbarlarga jarima qo‘llashda shaxsiy mas’uliyatsizlik bilan qaror qabul qilish imkonini qoldirmoqda.
Qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi — 241-11-moddani kiritish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, sud jarima qarorini noqonuniy deb topgan taqdirda, mansabdor shaxsning o‘zi 20–40 BHM (taxminan 8,24–16,48 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortilishi belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Hujjat bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 9-noyabrga qadar davom etadi.







