Toshkentda “pulli parkovka”larni bekor qilish uchun jamoaviy murojaatnoma yaratildi. Xo‘sh, bu kerakmi?
Rasul Kusherbayev “Pulli parkovkalarni” bekor qilishni tashabbusini ilgari surmoqda. Ammo jamoatchilik orasida buni bekor qilish emas, balki tizimni yana-da takomillashtirishni va bunday “parkovkalarni” ko‘paytirishni taklif qilmoqda. Baʼzi tadbirkorlarga bu “parkovkalar” noqulaylik tug‘dirmoqda.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tor yo‘lda tashkil qilingan “pulli parkovka”da turgan avtomobilni harakatlanayotgan avtomobil urib ag‘nab ketgani aks etgan videolar tarqalgan edi. Shundan so‘ng bunday “avtoturargohlar” bo‘yicha muhokamalar boshlanib ketdi.
Ekologiya vaziri maslahatchisi, jamoat faoli Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram sahifasida “pulli parkovka”ga aylantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan qarorni bekor qilish uchun jamoaviy murojaatnoma tayyorlab “Mening fikrim” portaliga joylashtirganini yozdi.
“O‘ylaymanki, bu ko‘pchilikni befarq qoldirmaydi. Jamoaviy murojaatimiz moderatorlar tomonidan maʼqullansa bo‘ldi, ovoz yig‘ib bekor qilishining qonuniy imkoniyati paydo bo‘ladi”, — deya yozadi Kusherbayev.
Tizimni butunlay bekor qilib, muammoni hal qilib bo‘lmaydi
Bloger Zafar Solijonov pulli avtoturargohlar — bu “pul yig‘ish” usuli emas, tartib o‘rnatish tizimi deb bilishini yozmoqda.
Unga ko‘ra, oldinlari kimlardir avtomobillarini ikki qatordan, yana kimlardir esa piyodalar yo‘lagiga, boshqalari esa svetoforda qoldirib ketgan. Hozir esa parkovka joylari YHXX,tuman hokimliklari va boshqa mutasaddi idoralar bilan kelishgan holda belgilanmoqda.
Solijonovning aytishicha, hech kim o‘zi xohlab chiziqlarni chizmayapti. Bularning orqasida hujjat, loyiha va xavfsizlik tahlili bor.
“Albatta, bu tizimda kamchiliklar yo‘q emas — ayrim joylarda belgilar yetarli emas, to‘lov tizimi qulaylashtirilishi kerak, bu haqiqat. Ammo tizimni butunlay bekor qilish muammoni hal qilmaydi”, — deya yozadi bloger Telegram sahifasida.
Unga ko‘ra, eng to‘g‘ri yo‘l bu tizimni takomillashtirish, tartibni saqlagan holda qulaylikni oshirish.
“Shu bilan birga, piyodalar yo‘li bo‘lgan joylar o‘zboshimcha parkovka qilingan, qonunning o‘zidayam biroz kamchiliklar bor, takomillashishi kerak deb bilaman”, — deb yozadi Solijonov.
Tadbirkor Ibrohim Hasanovning asosiy eʼtirozi bitta bunday “pulli parkovkalar” boshqa tadbirkorlarga xalaqit bermasligi kerak.
U o‘zi ijaraga olib ishlatayotgan ofisining oldi butunlay pulli ekanligini aytmoqda. Uning oldiga oz muddatga kelgan mijozi ham mana shu “pulli parkovka”dan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.
“Parkovka tashkillashtirgan tadbirkorni himoyasi uchun 10 lab ofis ochib soliqni vaqtida to‘lab kelayotgan tadbirkorlarni yo‘lini to‘sish qaysi mezonga to‘g‘ri keladi. Chunki bu “pulli parkovkalar” do‘kon, ofislarni ishlatuvchilari va mijozlariga judayam noqulaylik keltirib chiqaryapti”, deydi Zamon.uz bilan suhbatlashgan tadbirkor.
Toshkentga pulli parkovkalar suv va havodek zarur
Jurnalist, “Tasnif Group” asoschisi Laziz Hamidovga ko‘ra, Yevropaning ko‘plab shaharlari va Toshkentdan kichik, aholisi kam bo‘lgan hududlarda ham “pulli parkovkalar” mavjud. London, Oslo va boshqa Yevropa davlatlaridan Toshkentdagi kabi odamlar mashinasini yo‘l chetiga qo‘yib keta olmaydi.
“Xo‘p, hozircha faqat pul topishgina maqsad qilingan “pulli parkovkalar” joriy qilindi. Men doim ulardan foydalanaman. Tablichkalar qo‘yilgan, maxsus ilovalar yaratilgan — yaʼni pul yig‘ish tizimi ishlayapti. Ammo haydovchilar uchun haqiqiy qulaylik yo‘q. Masalan, shahar markazlarida ohak yordamida chiziqlar chizishgan, u bir haftada o‘chib ketadi. Hozir borsangiz yarmi o‘chib ketgan, juda xunuk holatda. Xorijdagi safarlarimda boshqacha manzarani ko‘rganman: asfaltdan bo‘rtib chiqadigan belgilar qilishgan. Asfaltdan bo‘rtib chiqarib chiziq qilingan joylarga sariq kraska bilan chizib chiqishgan. Har bir chiziq, har bir belgi shunday ishlanganki, haydovchi ham, piyoda ham o‘zini xavfsiz his qiladi”, — deydi u.
Jurnalist “pulli parkovka”lar ortidan pul topayotgan tashkilotlar va insonlar nega ularning sifatiga qayg‘urmayotgani va xarajatlaridan qochayotgani haqida savol qoldirdi.
U shuningdek, Toshkentda parkovkalar juda kam, aholiga yetarli emasligini aytmoqda. Masalan, 5 million aholi yashaydigan megapolislarda 10 qavatli parkovkalar bor: 5 qavat yer tagida, 5 qavat yer ustida. Agar davlat jamoat transportlarini rivojlantirmoqchi bo‘lsa, prioritetni jamoat transportiga beradigan bo‘lsak, ko‘proq avtomobil turar joylari qurish kerak, pulli yo‘llar bo‘lishi kerak, avtobus uchun maxsus yo‘llar ajratilishi lozim. “Toshkentga mashina sig‘mayapti. Biz shunga yetib keldik”, — deb yozgan u.
“Pulli parkovga joriy etilishga joriy etildi-yu, ammo Toshkent shahar hokimi parvo qilmayotgan, eʼtibor bermayotgan va o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘lgan yana bir muammo bor: men haligacha tushunmayman, nega davlat Toshkent shahridagi tijoriy qurilishlarni parkovkalardan ustun qo‘yadi? Toshkent mashinalar kollapsi ostonasida turibdi. Shunga qaramasdan, nima uchun hokimiyat har bir tumanning har bir burchagi, har bir markazida o‘nlab, yuzlab tizimli parkovkalarni qurishni yo‘lga qo‘ymayapti? Nega 5-10 yil avval aynan parkovkalar uchun ajratilgan hududlar endilikda biznes markaz, ofislarga ajratib bervorildi, nega parkovkalarning o‘rnida tijoriy binolar qurildi? Mana shu hokimiyat uchun katta savol va men uchun jumboq bo‘lib qolayotgan masala!”, — deya yozadi u.
Zamon.uz muxbiri Rasul Kesherbayevni taklifiga berilgan ovozlarni maʼqullash va qarshiliklarni o‘rganish uchun Jamoaviy murojaatlar portaliga kirdi. Ammo deyarli bir soatga yaqin vaqt ichida ushbu portaldan Kusherbayevning taklifini topa oladi.
Shundan so‘ng Zamon.uz muxbiri Rasul Kusherbayev bilan bog‘landi.
Muxbir Kusherbayevga vaziyatni tushuntirganida “Negadir shunday bo‘layapti, bu atayin qilinganga o‘xshaydi”, — dedi.







