2006 yildan keyin tug‘ilganlar uchun chekish taqiqlandi
Bu orqali sog‘lom avlodni shakllantirish maqsad qilingan.

1-noyabrdan boshlab Maldiv orollarida tamaki isteʼmoli bo‘yicha yangi cheklov amalga kiritildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, 2007 yil 1 yanvardan keyin tug‘ilgan har qanday shaxs — fuqaro bo‘ladimi yoki mamlakatga kelgan sayyoh — endilikda tamaki mahsulotlarini sotib olish, chekish yoki sotish huquqiga ega emas. Bu orqali kelajakda chekishdan xoli, sog‘lom avlodni shakllantirish maqsad qilingan.
Vazirlik taʼkidlashicha, qoida barchaga bir xil tatbiq etiladi va Maldivga tashrif buyuruvchi xorijliklar uchun ham istisno yo‘q.
Qonun buzilgan taqdirda javobgarlik belgilangan: tamakini voyaga yetmaganlarga sotganlar 50 ming rufiy miqdorida jarima to‘laydi. Elektron sigaretalardan noqonuniy foydalanganlar uchun esa 5 ming rufiylik jarima ko‘zda tutilgan.
Maʼlumki, bunday «chekishsiz avlod» g‘oyasini ilk bor Yangi Zelandiya amalga joriy etgan edi. Biroq mamlakatda hukumat almashgach, byudjet tushumlarini oshirish maqsadida cheklov bekor qilindi. Hozirda o‘xshash tashabbus Buyuk Britaniyada ham muhokama qilinmoqda.







