O‘zbekistonda ayrim yo‘l qoidabuzarliklari uchun dastlab ogohlantiriladi
Bu bo'yicha qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Kecha, 1-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida yo‘l harakati xavfsizligi sohasida sodir etiladigan ijtimoiy xavfi past bo‘lgan qoidabuzarliklar uchun jarima o‘rniga ogohlantirish chorasi qo‘llashni nazarda tutuvchi qonun ma’qullandi.
Majlis davomida ta’kidlanishicha, bir qator xorijiy davlatlar tajribasida fuqarolar tomonidan birinchi marta sodir etilgan yengil darajadagi ma’muriy qoidabuzarliklar uchun jarima solish o‘rniga ularga qilingan xatti-harakatning oqibatlari tushuntirilgan holda og‘zaki yoki yozma ogohlantirish berish tizimi qo‘llanadi. Bunday yondashuv, amaliyotda, qoidabuzarliklarning kelgusida takrorlanishining oldini olishga samarali ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Jumladan, 241-modda to‘ldirilib, ma’muriy jazo sifatida ogohlantirish chorasi joriy etiladi.
171-modda yangi band bilan boyitilib, maxsus foto va video fiksatsiya vositalari orqali qayd etiladigan huquqbuzarliklar turi aniq belgilab beriladi.
Shuningdek, bunday vositalar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir oydan kechiktirilmay qo‘llanishi qat’iylashtiriladi.
Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinovning 2025-yil iyun oyida bergan ma’lumotiga ko‘ra, birinchi marotaba sodir etilganda quyidagi qoidabuzarliklar uchun jarima solish o‘rniga ogohlantirish berilishi rejalashtirilgan:
- transport vositasini boshqarishda xavfsizlik kamarini taqmaslik;
- avtomobilni texnik ko‘rikdan o‘tkazmagan holda boshqarish;
- transport vositasi zarur jihozlar bilan ta’minlanmagan bo‘lsa;
- boshqaruv vaqtida telefon yoki monitorlardan foydalanish;
- to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish;
- majburiy sug‘urta talablari bajarilmagan bo‘lsa;
- piyodalar va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘l qoidalariga amal qilmasligi.
Ta’kidlanishicha, ogohlantirish faqat bir yil davomida bir marta qo‘llanadi. Qoidabuzarlik takrorlansa, jarima belgilangan tartibda undiriladi.







