Turkiya O‘zbekiston uchun elektron viza joriy etishi mumkin
Bu hujjat to‘plash va ariza berishni ancha yengillashtiradi.

Turkiya Ichki ishlar vazirligida o‘tgan uchrashuv paytida vazir o‘rinbosari Mehmet Aqtash ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik izchil rivojlanayotganini taʼkidladi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston fuqarolariga tegishli bir qator yangi imkoniyatlar muhokama qilindi.
Xususan, turk tomoni quyidagilarni amalga oshirishni ko‘rib chiqmoqda:
— Ish vizasini olish jarayonini yangilash. O‘zbekiston fuqarolari uchun mehnat vizasini elektron tarzda rasmiylashtirish tizimi joriy etilishi mumkin. Bu hujjat to‘plash va ariza berishni ancha yengillashtiradi.
— Turkiyada qonuniy maqomni joyida rasmiylashtirish imkoni. Mamlakatda boshqa maqsadda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar Turkiyani tark etmasdan turib ishlash ruxsatnomasini olishlari mumkinligi muhokama qilinmoqda.
— Noqonuniy migratsiyani tartibga solish. Ikki davlat o‘zaro maʼlumot almashishni kuchaytirish va qonun buzgan fuqarolarni aniqlash uchun yagona elektron reyestr yaratish ustida hamkorlik qiladi.
Shuningdek, ikki mamlakat Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash va fuqarolarni tashkil etilgan holda qaytarish jarayonlarini tizimlashtiruvchi memorandum tayyorlanayotgani qayd etildi.
Turkiya Tashqi ishlar vazirligidagi alohida uchrashuvda esa vazir o‘rinbosari Musa Kulaklikaya Turkiya va O‘zbekistonni umumiy tarix, madaniyat va diniy yaqinlik bog‘lab turayotganini taʼkidladi. Tomonlar siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirishga qaratilgan o‘zaro qiziqish mavjudligini tasdiqlashdi.
Muzokaralarda mehnat migratsiyasi yo‘nalishidagi hamkorlik uzoq muddatli istiqbolga ega ekani alohida taʼkidlandi.







