Andijonda alimentdan qarzdor erkak fermadan topildi
U 17 mln so‘mdan ziyod aliment qarzini to‘lamay kelgan.

Majburiy ijro byurosi Baliqchi tuman bo‘limi ish yurituviga FIB Izboskan tumanlararo sudining 18.03.2015 yildagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor R.K.dan undiruvchi L.A. foydasiga ikki nafar farzandi uchun aliment undirish haqidagi ijro hujjati kelib tushgan.
Ijro hujjatining ijrosini taʼminlash maqsadida davlat ijrochisi tomonidan qarzdor R.K. aliment qarzini to‘lashi lozimligi haqida bir necha marta ogohlantirilgan, shunga qaramasdan aliment to‘lashdan qochib yashiringanligi uchun qarzdorga nisbatan 05.08.2024 yilda qidiruv eʼlon qilingan.
Byuroning qidiruv shuʼbasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv natijasida qarzdor R.K. Baliqchi tuman hududida chorva fermasida ishlayotganligi aniqlanib, topildi va byuroning Baliqchi tumaniga olib kelinib, davlat ijrochisiga topshirildi.
Qarzdor R.K. 17 mln. so‘mdan ziyod aliment qarzini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotganligi sababli unga nisbatan to‘plangan ish hujjatlari jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborish uchun tayyorlanmoqda.







