“Boysundagi “M-25” konida vaziyat barqaror va holat zilzila bilan bog’liq emas”
Energetika vazirligi Boysun gaz konidagi yong’in bo’yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Energetika vazirligi Boysundagi “M-25” gaz konida yuz bergan yong‘in bo‘yicha rasmiy izoh berdi. Ma’lum qilinishicha, 2-noyabr kuni konning 202-son gaz qudug‘ida avvaldan yoqib qo‘yilgan olovning vaqtincha so‘nishi kuzatilgan. Mutaxassislarning fikricha, bu holat tabiiy geologik jarayonlar natijasida yuzaga kelgan.
Olov so‘ngach, havoga zararli moddalar chiqishini oldini olish maqsadida gaz tezkor ravishda qayta yoqilgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bu jarayon atrof-muhitni ifloslanishdan himoya qilishning standart usuli bo‘lib, xalqaro sanoat xavfsizligi me’yorlariga to‘liq javob beradi.
Hozirda kon hududida vaziyat barqaror, barcha ishlar mutaxassislar nazorati ostida olib borilmoqda. Energetika vazirligi bu holat konni jilovlash jarayonining bir qismi ekanini, hech qanday favqulodda yoki kutilmagan holat kuzatilmaganini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, mazkur voqea 2025-yil 3-noyabr kuni soat 01:29 da qayd etilgan zilzila bilan hech qanday bog‘liqlikka ega emas.







