Germaniyada parranda grippining odamga moslashayotgan shtammi aniqlandi
So‘nggi ikki oyda yarim milliondan ortiq parranda yo‘q qilindi.

Germaniyada parranda grippining odamlarga moslashish xavfi ortib borayotgan yangi shtammi qayd etildi. Natijada mamlakatning bir nechta hududlarida parrandachilik xo‘jaliklariga nisbatan cheklov va karantin choralarini kuchaytirildi. Bu haqda Bild gazetasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sentabr oyidan buyon Germaniyaning turli hududlarida ko‘plab yovvoyi qushlar o‘lik holda topilgan. Virus hozirga qadar 16 ta federal yerning 9 tasida aniqlangan.
Oxirgi ikki oy ichida o‘ta yuqumli H5N1 shtammi tarqalishi tufayli yarim milliondan ortiq parrandalar yo‘q qilindi. Eng ko‘p holatlar Quyi Saksoniyada qayd etilgan bo‘lib, mazkur hududdagi 13 ta parrandachilik xo‘jaligida infeksiya tasdiqlangan.







