Kitobda fuqaro YTH sodir qilib, 16 mln jarima to‘ladi
U mast holda mashina boshqarib, yo‘l chetida to‘xtab turgan “Damas” rusumli mashinani urib yuborgan.

Hayotda baʼzi xatolar borki, ular nafaqat insonning, balki butun oila taqdirini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Kitob tumanida yashovchi U.E. ham shunday holatni boshidan kechirdi — u mast holda “Labo” avtomashinasini boshqarib, yo‘l chetida to‘xtab turgan “Damas” rusumli mashina urib, yo‘l-transport hodisasi sodir etdi.
Natijada jabrlanuvchiga 3 million 419 ming so‘m moddiy zarar yetdi. Sud tomonidan U.E. Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, unga uch yil muddatga haydovchilik huquqidan mahrum etish va 16 million 480 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi.
Rulga o‘tirgan inson faqat o‘zini emas, balki boshqalar hayotini ham ishonchli qo‘lida tutadi. Ammo mast holda rulga o‘tirish — bu ong ustidan mag‘lubiyat, masʼuliyatni yo‘qotish demakdir. Bir lahzali kayfiyatning oqibati butun hayotni izdan chiqarishi mumkin.
U.E. qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘ldi. Majburiy ijro byurosining Kitob tuman bo‘limi davlat foydasiga tayinlangan 16 million 480 ming so‘m jarimani to‘liq undirdi.







