Mudofaa vazirligining call-markazi ishga tushirildi
Call-markaz harbiy xizmat, safarbarlik, ta’minot va tibbiy xizmat bo‘yicha axborot beradi.

O‘zbekistonda Mudofaa vazirligi huzurida fuqarolar va tashkilotlardan kelib tushadigan murojaatlarni tezkor qabul qilish uchun mo‘ljallangan call-markaz ishga tushirildi. Endilikda murojaatlarni 1530 qisqa raqami orqali sutkaning belgilangan vaqtlarida uzluksiz qabul qilish imkoniyati yaratildi.
Mazkur xizmat “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi — aholiga qulay kommunikatsiya kanallarini yaratish hamda Mudofaa vazirligi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan aniq va tezkor ma’lumot berishdir, deya ma’lum qildi vazirlik matbuot xizmati.
Call-markaz quyidagi yo‘nalishlarda axborot va maslahat xizmatlarini ko‘rsatadi:
– muddatli harbiy xizmatni o‘tash tartibi;
– safarbarlik tayyorgarligi va harbiy hisob masalalari;
– harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ta’minot;
– tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlari;
– mudofaa tizimi xodimlarini tayinlashga oid savollar.
Murojaatlarning barchasi belgilangan tartib asosida ko‘rib chiqiladi. Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari va murojaatlari mazmuni maxfiyligi to‘liq ta’minlanishi kafolatlanadi.







