Rossiyada og‘ir sharoitda qolgan 35 nafar voyaga yetmagan yoshlar O‘zbekistonga qaytarildi
Elchixona, IIV, SSV va Milliy ijtimoiy himoya agentligi hamkorligida navbatdagi insonparvarlik missiyasi amalga oshirildi.

Rossiya Federatsiyasi hududida ota-ona qarovisiz, nazoratsiz yoki og‘ir ijtimoiy sharoitda qolgan 35 nafar voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga qaytarildi. Qaytarish jarayoni O‘zbekiston Respublikasining Moskva shahridagi Elchixonasi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Milliy ijtimoiy himoya agentligi hamkorligida shakllantirilgan ishchi guruh tomonidan amalga oshirildi.
Dastlab, ishchi guruh tomonidan Sankt-Peterburg, Chelyabinsk va Moskva shaharlari bo‘yicha 16 nafar, shuningdek, Yekaterinburg, Volgograd, Ufa, Nijniy Novgorod, Hakasiyo, Moskva viloyati, hamda Novosibirsk shaharlaridan 19 nafar bola aniqlanib, ularning O‘zbekistonga qaytarilishi ta’minlandi.
Qaytarish jarayonida bolalarning shaxsini aniqlash, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda safarni tashkil etish kabi tashkiliy masalalar Rossiya Federatsiyasining tegishli idoralari bilan hamkorlikda bajarildi.
Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekiston fuqarolari, xususan voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va munosib sharoit yaratishga qaratilgan izchil ishlarning davomidir.







