Tehron suv inqirozi yoqasida: Eron poytaxti ikki hafta ichida suvsiz qolishi mumkin
Tarixiy qurg‘oqchilik natijasida Amir Kabir to‘g‘oni suv zaxirasi keskin kamayib, poytaxt aholisi jiddiy xavf ostida qolmoqda.

Eron poytaxti Tehron hozirda suv ta’minoti bo‘yicha keskin inqiroz yoqasida turibdi. Al Jazeera xabariga ko‘ra, shaharga ichimlik suvi yetkazib beradigan beshta to‘g‘ondan biri — Amir Kabir to‘g‘oni — atigi 14 million kub metr suvni o‘zida saqlamoqda. Bu esa to‘g‘on sig‘imining bor-yo‘g‘i 8 foizini tashkil etadi. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, bunday hajmda to‘g‘on faqat ikki hafta davomida suv yetkazib bera oladi.
Mamlakatda so‘nggi o‘n yilliklardagi eng kuchli qurg‘oqchilik kuzatilmoqda. O‘tgan oy Tehronda deyarli yog‘ingarchilik bo‘lmagan, bu esa suv manbalarining keskin kamayishiga sabab bo‘lgan. Bir yil avval Amir Kabir to‘g‘onida 86 million kub metr suv saqlanayotgan bo‘lsa, hozir bu miqdor qariyb 100 foizga kamaygan.
Taxminan 10 million aholiga ega Tehron kuniga uch million kub metr suv iste’mol qiladi. So‘nggi haftalarda suvni tejash maqsadida ayrim tumanlarda suv ta’minoti vaqtincha uzilib turibdi. Aholi orasida suv tanqisligi sababli norozilik kuchaymoqda, hukumat esa muammoni bartaraf etish uchun favqulodda choralar ko‘rmoqda.
Mutaxassislar fikricha, suv tanqisligi nafaqat qurg‘oqchilik, balki yer osti suvlaridan haddan tashqari foydalanish, noto‘g‘ri boshqaruv va iqlim o‘zgarishining kuchayishi bilan ham bog‘liq. Xuddi shunday muammo qo‘shni Iroqda ham kuzatilmoqda — bu mamlakatda Dajla va Furot daryolaridagi suv sathi 27 foizga pasayib, jiddiy gumanitar inqirozga sabab bo‘lgan.







