2026-yildan chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlar faqat onlayn tarzda amalga oshiriladi
Tizim aholiga qulaylik yaratish, billingda shaffoflik va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan.

O‘zbekistonda 2026-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy va yuridik shaxslar uchun maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari bo‘yicha to‘lovlar faqat onlayn ko‘rinishda qabul qilinadi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur tartib barcha hududlardagi sanitariya-tolorish korxonalariga yuborilgan ko‘rsatmalar asosida joriy etilmoqda.
Agentlikning ta’kidlashicha, ushbu tizim aholiga qulay va zamonaviy to‘lov imkoniyatlarini yaratish, billing hisob-kitoblarida shaffoflikni ta’minlash, korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Endilikda chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlar va abonent hisobini yuritish quyidagi yo‘llar orqali amalga oshiriladi:
- Agentlikning “Toza makon” billing tizimi;
- elektron to‘lov tizimlari;
- internet aloqasi mavjud bo‘lmagan olis hududlar uchun — tijorat banklari kassalari va “O‘zbekiston pochtasi” bo‘limlari (istisno tariqasida).
Eslatib o‘tamiz, maishiy chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda, qarz to‘liq so‘ndirilmaguncha elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish vaqtincha to‘xtatiladi.







