2026-yildan retsept asosidagi dorilar 40–50 foiz arzonlashadi
O‘zbekistonda dori bozori tartibga solinadi va asossiz narx oshirilishiga chek qo‘yiladi.

Mamlakatda farmatsevtika sohasini tartibga solish va dorilarning iqtisodiy jozibador narxlarda sotilishini ta’minlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlar tasdiqlandi. Prezidentga taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab retsept bo‘yicha tavsiya etiladigan 2600 turdagi dori vositalarining o‘rtacha narxi 40–50 foizga pasaytiriladi.
Hozirda O‘zbekiston bozorida 7600 nomdagi import dori vositalari mavjud. Ulardan 4900 tasi narxlar bo‘yicha “referent mamlakatlar” reyestriga kiritilmagani sababli, importchilar tomonidan narx shakllantirish jarayonida oshkoralik yetarli emas. Natijada dorilar ba’zi hollarda qo‘shni davlatlar bozoridagi narxdan ancha qimmatga sotilmoqda.
Referent narxlar reyestri — dori vositalarining Rossiya, Qozog‘iston, Yevropa Ittifoqi kabi davlatlarda tasdiqlangan rasmiy narxlarini o‘zida aks ettiruvchi ochiq axborot bazasidir. Dori vositasi mazkur reyestrga kiritilgach, uning O‘zbekistondagi narxi xalqaro narxlar bilan solishtirilib, davlat tomonidan tartibga solinadi.
Yangi tartibga ko‘ra, imkon qadar ko‘proq import dorilar ushbu reyestrlarga kiritiladi, narxlarning oshkoraligi ta’minlanadi hamda asossiz narx oshirish holatlariga chek qo‘yiladi. Dorixonalar va import qiluvchilar uchun erkin narx belgilash amaliyotiga barham beriladi.
Islohotdan dori narxlarining shaffof va barqaror bo‘lishi, aholining dori vositalariga kirish imkoniyatining yaxshilanishi, sun’iy narx oshirish va chayqovchilik holatlarining oldini olinish kabi natijalar kutilmoqda
Shu bilan birga, ekspertlar mazkur tizimning samaradorligi tartibga soluvchi organlarning nazoratiga, imtiyozli istisnolar qo‘llanilmasligiga hamda importchilar tomonidan ta’minotda uzilishlar yuzaga kelmasligiga bog‘liq bo‘lishini ta’kidlamoqda.







