Bitiruvchilarni ishga olgan tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar beriladi
Yangi tartibga ko‘ra, bitiruvchini ishga qabul qilgan tadbirkorga 7 yilgacha, 5 milliard so‘mgacha kredit ajratiladi.

O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi 328-son qaroriga muvofiq, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlashga qaratilgan yangi tartib joriy etildi. Qarorga ko‘ra, bitiruvchilarni ishga joylashtirgan tadbirkorlarga 2 yillik imtiyozli davr bilan, 7 yil muddatgacha 5 milliard so‘mgacha kredit beriladi.
Kreditlar Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz punkt yuqori foizda taqdim etiladi. Har bir 1 milliard so‘mlik kredit uchun tadbirkor kamida bitta oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisini ishga qabul qilishi shart. Mazkur imtiyozli mablag‘lar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish, asosiy vositalarni sotib olish hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun yo‘naltiriladi.
Agar tadbirkor imtiyozli kredit asosida ishga olingan bitiruvchi bilan ikki yil ichida mehnat shartnomasini bekor qilsa, kredit foizi tijorat stavkasiga o‘zgartiriladi. Biroq bir oy ichida boshqa bitiruvchi ishga qabul qilinsa, bu talab qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, bitiruvchilar o‘rtasida eng yaxshi startap va innovatsion loyihalar tanlovi o‘tkaziladi. Tanlov g‘oliblari kamida ikki nafar bitiruvchini ishga olish sharti bilan 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan grantga ega bo‘lishlari mumkin.







