Ilhom Aliyev: “Ozarbayjonlarning Armanistonga qaytishi hech kimni qo‘rqitmasligi kerak”
Ozarbayjon rahbari Ozarbayjon xalqi yashagan barcha mamlakatlarda davlat qurilishi va rivojlanishiga hissa qo‘shib kelganini qayd etdi.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ta’kidlashicha, ozarbayjonlarning hozirgi Armaniston hududiga qaytishi arman xalqi yoki davlatida xavotir uyg‘otmasligi lozim. Bu fikrni u Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirdagi nutqida bildirdi. Mazkur bayonot AZERTAC tomonidan keltirildi deb xabar berdi RBC nashri.
Davlat rahbari Ozarbayjon xalqi yashagan barcha mamlakatlarda davlat qurilishi va rivojlanishiga hissa qo‘shib kelganini qayd etdi.
“Ozarbayjonlar hech qachon separatizm kasalligiga chalinmagan. Bugun ham biz hech bir davlatga yoki xalqga muammo tug‘dirmaganmiz. Shuning uchun ozarbayjonlarning hozirgi Armanistonga qaytishi arman xalqini yoki arman davlatini qo‘rqitmasligi kerak. Biz tarixiy yerlarimizga tanklarda emas, balki tinch yo‘l bilan, mashinalarda qaytishimiz kerak”, — dedi Aliyev.
Prezident shuningdek, avvalgi chiqishlarida hozirgi Armaniston hududi tarixan Ozarbayjonga tegishli bo‘lganini bir necha bor ta’kidlaganini eslatib o‘tdi. Xususan, 2018-yilda u ozarbayjon xalqining o‘z tarixiy yerlariga, jumladan, Yerevanga qaytishi zarurligini qayd etgan, 2017-yilda esa Tog‘li Qorabog‘ va Armanistonni “tarixiy Ozarbayjon yerlari” deb atagan edi.
Ma’lumot uchun, 2023-yilda Ozarbayjon Qorabog‘da harbiy amaliyot o‘tkazgan, natijada mintaqa to‘liq Boku nazoratiga o‘tgan. Harakatlar ortidan Qorabog‘da yashagan arman aholining ko‘pchiligi Armanistonga ko‘chib o‘tgan.
Amaliyotdan so‘ng Armaniston Qorabog‘ni Ozarbayjonning bir qismi sifatida tan olishga rozi bo‘ldi. Tinchlik bitimi bo‘yicha muzokaralar faollashdi va 2025-yil 8-avgust kuni Armaniston hamda Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari AQSh Prezidenti Donald Tramp ishtirokida Oq uyda tinchlik kelishuvi loyihasini imzoladi.







