OAV: Putin 2050-yilgacha prezidentlikni davom ettirishi mumkin
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2050-yilda Putin mamlakat boshqaruvini o‘g‘liga topshirishi ehtimoli ham tilga olinmoqda.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning uzoq muddat davomida hokimiyatda qolish ehtimoli borligi haqida xorijiy ommaviy axborot vositalarida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Daily Star nashri surishtiruvchi jurnalist Ilya Davlyatchinga tayanib xabar berishicha, Putin 2050-yilgacha Rossiyani boshqarishi mumkinligi bildirilgan.
Nashrga ko‘ra, 73 yoshli davlat rahbari Iosif Stalindan keyin mamlakatni eng uzoq boshqargan yetakchi sifatida tarixga kirgan. Qayd etilishicha, uning yana 25 yil davomida lavozimda qolishi ehtimoli muhokama qilinmoqda. Shuningdek, norasmiy ma’lumotlarda, kelajakda davlat boshqaruvini o‘g‘li Ivan Putinga topshirishi tilga olingan. Ivan Putin hozirda 10 yoshda bo‘lib, 2050-yilda 35 yosh bo‘ladi.
Ma’lumki, 2020-yilda Rossiya Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlar Putinning prezidentlik muddatlarini “nolga tenglashtirish” imkonini bergan edi. Bu unga 2036-yilgacha davlat rahbari sifatida faoliyat yuritish huquqini taqdim etadi.
Xorijiy ekspertlar hisob-kitobiga ko‘ra, Putin hozirgacha davlat boshqaruvi davomiyligi bo‘yicha bir qator tarixiy siyosiy arboblardan o‘zib ketgan. Agar u lavozimda yana ikki muddat qolsa, Fransisko Franko va Antonio di Salazar bilan tenglashishi, uzoq muddatli rahbarlar safida Muammar Kaddafiy, Kim Ir Sen va Fidel Kastro ko‘rsatkichlariga yaqinlashishi mumkin.
Kreml mazkur xabarlar yuzasidan izoh bermagan. Siyosatshunoslar esa tarqatilgan ma’lumotlarni Rossiya siyosiy jarayonlarida yuz berishi mumkin bo‘lgan uzoq muddatli strategik o‘zgarishlarga ishora sifatida baholamoqda.








