O‘zbekiston AQSh fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy qiladi
2026-yildan boshlab AQSh fuqarolari O‘zbekistonga 30 kungacha vizasiz kelishi mumkin bo‘ladi.

2026-yil 1-yanvardan boshlab AQSh fuqarolari O‘zbekistonga 30 kungacha vizasiz kirish va vaqtincha bo‘lish huquqiga ega bo‘ladi. Bu boradagi Prezident farmoni imzolandi deya xabar berdi Ekologiya vazirligi.
Mazkur qaror O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi aloqalarni kengaytirish maqsadida qabul qilindi.
Vizasiz rejimning joriy etilishi ikki davlat o‘rtasida o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlash, biznes, investitsiya, ta’lim hamda madaniy almashinuvni rivojlantirishga xizmat qiladi. Endilikda AQSh fuqarolari O‘zbekistonning boy tarixiy merosi, madaniyati, turizm salohiyati, shuningdek, sarmoyaviy imkoniyatlari bilan tanishish uchun mamlakatga erkin tashrif buyurishi mumkin bo‘ladi.
Kutilishicha, ushbu chora AQShdan sayyohlar oqimini sezilarli oshiradi, ishbilarmonlik aloqalari va ilmiy hamkorlikni faollashtiradi, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ochiq, zamonaviy va mehmondo‘st davlat sifatidagi imidjini yanada mustahkamlaydi.







