Qibrayda 6 sotix yer maydonini 54 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
Ular 25 ming dollarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Toshkent viloyatida fermer xo‘jaligining 6 sotix yer maydonini 54 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan ikki shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Qibray tumani bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro R.S. (ilgari firibgarlik uchun sudlangan) va M.T. fuqaro F.Sh.ning ishonchiga kirib, tuman hududidagi “I.O.” fermer xo‘jaligining sug‘oriladigan yerining go‘yoki toifasini o‘zgartirish orqali 6 sotixini 54 ming dollarga sotishga kelishgan. Ular so‘ralgan pullarning 25 ming dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28 va 211-moddalari (pora berish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.







