Termiz aeroportida qadimiy tangalar to‘xtatib qolindi
Hozirda ular Termiz arxeologiya muzeyiga topshirilgan.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Termiz aeroporti” chegara bojxona postida yo‘lovchilardan biri 5 dona qadimiy tangalarni yashrincha olib chiqishga uringan vaqtida to‘xtatib qolindi. Bu haqida Bojxona qo‘mitasi raisining matbuot kotibi Husan Tangriyev maʼlum qildi.
Badiiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, kumushdan ishlangan mazkur tangalar XVI asrga mansub bo‘lib, Buxoro xonligi davrida zarb etilgan.
Tangalar Termiz arxeologiya muzeyiga topshirilgan. Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yaratilganiga 50 yil va undan ortiq vaqt o‘tgan madaniy boyliklarni, shu jumladan numizmatika ashyolarini mamlakatdan olib chiqish taqiqlanadi.







