Toshkent viloyatida ayol 133 million so‘mlik oltinni chaqaloq tagligiga yashirib, chegaradan o‘tkazmoqchi bo‘ldi
“Yallama” chegara bojxona postida 111 gramm oltin quyma aniqlanib, musodara qilindi.

Toshkent viloyatidagi “Yallama” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan yurtimizdan chiqib ketayotgan fuqaro belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, g‘ayriqonuniy holat aniqlandi.
Tekshiruv davomida fuqaroning qo‘l yuklari orasidan umumiy og‘irligi 111 gramm bo‘lgan ikki dona oltin quymasi topilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu quyma oltin bo‘laklari chaqaloq tagligi ichiga yashirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ularning qiymati 133 million so‘mni tashkil etadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining eslatib o‘tishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, jismoniy shaxslarga og‘irligi 200 grammgacha bo‘lgan kumushdan va 65 grammgacha bo‘lgan oltindan yasalgan tayyor zargarlik buyumlarini bojxona deklaratsiyasiz olib chiqishga ruxsat beriladi. Belgilangan miqdordan ortiq buyumlar esa majburiy deklaratsiya asosida olib chiqilishi lozim.







