1 yanvardan O‘zbekistonda davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi ishga tushadi
Ba’zi nafaqalar 2026 yildan boshlab avtomatik tarzda tayinlanadi.

O‘zbekistonda kelasi yilning 1 yanvaridan boshlab davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangilangan tartibi ishga tushadi. Bu prezidentning ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va to‘lash jarayonini soddalashtirishga qaratilgan PF–206-sonli farmonida belgilangan. Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi tizim fuqarolarga ijtimoiy himoya xizmatlarini yanada qulay tarzda olish imkonini beradi.
Yangi tartibga muvofiq, fuqarolar sug‘urta tizimiga ikki yo‘l bilan qo‘shilishi mumkin: majburiy tarzda yoki ixtiyoriy ravishda. Majburiy sug‘urta jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining bir qismi hisobidan ta’minlanadi, ixtiyoriy sug‘urtaga qo‘shilmoqchi bo‘lganlar esa har oy eng kam ish haqining 5 foizi miqdorida badal to‘laydi. To‘lanadigan to‘lovlar miqdori fuqarolarning sug‘urta staji va qancha badal to‘laganiga qarab belgilanadi.
Yangi tizimning yana bir muhim qulayligi — ayrim nafaqalar avtomatik tarzda tayinlanishidir. Xususan, 2026 yil 1 yanvardan homiladorlik va tug‘ruq nafaqasi, 2026 yil 1 iyuldan esa vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi fuqarolardan hujjat talab qilinmasdan, jamg‘arma tomonidan proaktiv tarzda to‘lanadi. 2030 yildan boshlab ishdan bo‘shatilganlik nafaqasi ham shu tartibda tayinlanishi rejalashtirilgan.
Avvalgi takliflarda aytilishicha, nafaqa miqdori xodimning ish stajiga bog‘liq bo‘ladi: 8 yilgacha stajga ega bo‘lganlarga ish haqining 60 foizi, 8 yildan ortiq stajga ega bo‘lganlarga esa 80 foizi to‘lanadi. Shuningdek, 4 va undan ortiq farzandi bor yoki nogiron farzand parvarishlayotgan oilalarga nafaqa yana 20 foizga ko‘paytirilishi ko‘zda tutilgan.







