Andijonda hokim o‘rinbosari 15 ming dollar pora bilan ushlandi
U fuqarodan yer ajratish va hujjatlarni rasmiylashtirish evaziga pul talab qilgan.

Andijon viloyatida hokim o‘rinbosari 15 ming AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytda qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, tuman hokimi o‘rinbosari o‘z mansab vakolatidan foydalanib, tuman hududidan o‘tgan katta yo‘l bo‘yida 400 metr uzunlikdagi suv yo‘lini yopiq tizimga o‘tkazish orqali paydo bo‘lgan 60 sotix yer maydonida savdo do‘konlari qurish uchun ruxsat berish va hujjatlarni yuqori lavozimdagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 15 ming dollar talab qilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs porani to‘liq olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari hamda 28, 211-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish belgilangan.







