Navoiyda uch kishini qasddan o‘ldirgan odam umrbodga qamaldi
Sobiq turmush o‘rtog‘i va uning ota-onasini yuk mashinasida bosib o‘ldirgan 41 yoshli erkak maxsus koloniyada jazoni o‘taydi.

Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 41 yoshli Salim Rustamov sobiq turmush o‘rtog‘i Gulmira Ergashova hamda uning ota-onasini o‘z boshqaruvidagi HOWO yuk mashinasida qasddan bosib o‘ldirdi. Voqeaga sabab, sobiq qaynotasiga tegishli dala hovlisidan majburiy chiqarish bo‘yicha nizolar bo‘lgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Rustamov 2008 yilda Gulmira bilan turmush qurgan, 2021 yilda esa ular rasmiy ajrashgan. 2024 yilning dekabrida Rustamovni dala hovlisidan majburiy chiqarish qarori chiqqan va 2025 yilning mart oyida MIB xodimlari bu ijro harakatini amalga oshirish maqsadida voqea joyiga kelganida Salim Rustamov yuk mashinasi bilan ularga hujum qilgan.
Guvohlar sudda Rustamovning harakatini qasddan va oldindan rejalashtirilgan deb tasdiqlagan. U avval sobiq turmush o‘rtog‘ini, so‘ngra qaynona va qaynotasini mashina bilan urib, ustidan haydash orqali og‘ir tan jarohatlari yetkazgan. Keyin pichoq bilan ham hujum qilgan. Jabrlanganlar olgan og'ir jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Tomdi tuman sudi Rustamovni Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) va 219-moddasi (hokimiyat yoki fuqaroviy vazifani bajarayotgan shaxsga qarshilik) bo‘yicha aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan. Apellyatsiya instansiyasi sudining qarori bilan dastlabki hukm o‘zgartirilmagan va Rustamov jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tashga majbur qilingan.







