O‘zbekistonda 17 holatda xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat berilishi mumkin
Hujjat tasdiqlansa, fuqarolarga QR-kodli elektron tibbiy ma’lumotnoma beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi sog‘lig‘i sababli avtomobilda xavfsizlik kamarini taqish mumkin bo‘lmagan kasalliklar va holatlar ro‘yxati loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.
Loyiha tasdiqlansa, jami 17 turdagi kasallik va tibbiy holatlarda xavfsizlik kamaridan foydalanmaslikka ruxsat beriladi. Ular orasida quyidagilar mavjud:
- umrov, tо‘sh, qovurg‘a yoki yelka kamarining sinishi;
- umurtqa pog‘onasining kompression sinishi;
- surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi (IV bosqich) va bronxial astma (IV bosqich);
- o‘pka to‘qimalarining interstisial zararlanishi yoki o‘pkaning bir qismi/ikkalasi olib tashlangan holatlar;
- surunkali yurak yetishmovchiligi (III bosqich va dekompensatsiya);
- III-darajali (morbid) semizlik (BMI ≥ 40);
- bo‘yi 150 sm dan past bo‘lgan shaxslar;
- qo‘l yoki yelka harakatini cheklovchi nevrologik kasalliklar;
- ko‘krak qafasi sohasidagi og‘ir teri kasalliklari (psoriaz, ekzema va b.);
- ko‘krak yoki yelka sohasiga qo‘yilgan protez yoki implantlar;
- ko‘krak va qorin bo‘shlig‘ida o‘tkazilgan ochiq jarrohlik amaliyotlari;
- stoma mavjudligi (sun’iy chiqish yo‘li);
- ko‘krak qafasidagi yirik o‘smalar;
- homiladorlik.
Mazkur hujjat hali kuchga kirmagan. Tibbiy asos mavjudligi tasdiqlangan fuqarolarga “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi orqali shakllantiriladigan QR-kodli elektron tibbiy ma’lumotnoma biriktirilgan oilaviy poliklinika tomonidan beriladi.








