Sirdaryoda yuk mashinalari ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
KamAZ yo‘l chetida nosoz holatda turgan vaqtda unga Isuzu kelib urilgan.

Sirdaryo viloyatida M-34 “Termiz–Toshkent” xalqaro avtomobil yo‘lining 84-kilometrida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda Sirdaryo viloyati IIB JXX Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
5 noyabr kuni soat 05:30 atrofida “KamAZ 54112” rusumli yuk avtomobili texnik nosozlik sabab yo‘lning o‘ng chetida to‘xtab turgan bo‘lgan. Shu vaqtda shu yo‘nalish bo‘ylab harakatlanayotgan “Isuzu” haydovchisi hushyorlikni yo‘qotib, to‘xtab turgan yuk mashinasining orqa qismiga kelib urilgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, YTH oqibatida hech kim jarohat olmagan.
Hozirda holat yuzasidan Sirdaryo tumani IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.







