Vashingtondagi C5+1 sammitida qaysi mavzular ko‘tariladi?
Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi iqtisodiy va xavfsizlik masalalari asosiy diqqat markazida.

Vashingtonda Markaziy Osiyo besh davlati va AQSH ishtirokida bo‘lib o‘tadigan C5+1 sammitida strategik hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilinadi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Sammitning asosiy mavzulari mineral resurslar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish va energiya xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Markaziy Osiyo AQSH milliy xavfsizligi va “yashil” energetik o‘tish jarayoni uchun zarur bo‘lgan strategik materiallarga boy mintaqa hisoblanadi. O‘zbekistonda volfram, litiy, germaniy kabi 14 turdagi noyob unsurlar konlari aniqlangan, Qozog‘iston dunyo uranining 39 foizini yetkazib beradi, Tojikiston esa dunyo surma ishlab chiqarishida ikkinchi o‘rinni egallaydi.
Shuningdek, sammitda iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan ikki va ko‘p tomonlama bitimlar imzolanishi, transport infratuzilmasini rivojlantirish va Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini yaratish masalalari ham muhokama qilinadi. Terrorizmga qarshi kurash va chegara xavfsizligi mavzulari, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat ham kun tartibida bo‘lishi kutilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, C5+1 sammiti Markaziy Osiyoning AQSH uchun strategik ahamiyatini oshirishga xizmat qiladi. Ozarbayjonni jalb etgan holda platformani kengaytirish masalasi mintaqaviy bog‘lanish tizimida muhim ahamiyat kasb etadi.







