2026-yildan boshlab homiladorlik, tug‘ruq va nogironlik nafaqalari avtomatik tarzda tayinlanadi
O‘zbekistonda davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimida bosqichma-bosqich yangi tartiblar joriy etiladi.

Prezident tomonidan 3-noyabr kuni imzolangan farmonga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan e’tiboran homiladorlik, tug‘ruq va bola tug‘ilishi bo‘yicha nafaqalar arizasiz, proaktiv shaklda tayinlanib, to‘lab berila boshlaydi.
2026-yil 1-iyuldan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik (nogironlik varaqasi asosida) bo‘yicha nafaqalar ham xuddi shu tartibda avtomatik tarzda hisoblab berilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Farmonda yangi davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi joriy etilishi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra:
- fuqarolar daromad solig‘ining ma’lum qismi orqali yoki har oy to‘lanadigan ixtiyoriy sug‘urta badallari orqali sug‘urtalanadi;
- to‘lovlar summasi sug‘urta badallari miqdori hamda eng kam sug‘urta muddati asosida belgilanadi;
- nafaqalar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi.
Shuningdek, 2030-yildan boshlab mazkur jamg‘arma ishdan bo‘shatish nafaqalarini ko‘rib chiqish va to‘lash funksiyasini ham bajaradi. Ushbu holatda to‘lovlar fuqarolarning shaxsiy murojaati asosida amalga oshiriladi.
Mazkur tartiblar aholiga qulaylik yaratish, ortiqcha hujjatbozlik va navbatlarni qisqartirish, ijtimoiy himoya tizimiga raqamlashtirilgan, shaffof va samarali yondashuvni ta’minlashga xizmat qiladi.








