Kanada ham O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lishini qo‘llab-quvvatladi
Hozirda tashkilotga aʼzo bo‘lish uchun yana 3 ta davlat qolgan.

O‘zbekiston JSTga aʼzo bo‘lish jarayoni doirasida Kanda va Panama bilan ikki tomonlama bozorlarga kirish bo‘yicha protokollarini imzoladi. Bu haqda 5 noyabr O‘zbekistonning JST bo‘yicha maxsus vakili Aziz Urunov o‘zining LinkedInʼdagi sahifasida maʼlum qildi.
Unga ko‘ra, tashkilotga aʼzo bo‘lish uchun yana 3 ta davlat qolgan, lekin ular qaysi davlatlar ekanligiga ochiqlik kiritmagan.
“O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 11-yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Kanada va Panama bilan ikki tomonlama bozorlarga kirish bo‘yicha muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunlab, tegishli bayonnomalarni imzoladi”, — deya yozadi u o‘zining sahifasida.
U Kanada va Panama delegatsiyalariga O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lish jarayonidagi samarali hamkorlik va konstruktiv muzokaralari uchun minnatdorchilik bildirdi.







